Sharg’

Sharg’ — Buxoro vohasidagi tarixiy qishloqlardan biri. Zarafshon daryosidan chiqarilgan Rudi Somjan (Somjan anhori; Haromkom daryosi) bo’yida — iskajkat qishlog’i ro’parasida joylashgan. Bu ikki qishloq o’rtasidan oqib o’tuvchi daryo ustida katta ko’prik bo’lgan. Narshaxiyning yozishicha, bu qishloqda qadimiy vaqtlarda har yili qishning o’rtasida 10 kunlik bozor bo’lib, kishilar unga uzoq viloyatlardan kelib savdo qilishgan. Bu joyning o’zidan shinni bilan tayyorlangan mag’izli holva, tuzlangan baliq va yangi baliq, yog’och, qo’y va Qorako’l terilaridan tikilgan po’stinlar sotuvga chiqarilgan, ilk o’rta asrlarda bu yerda tayyorlangan mis va bo’z uzoqlarga olib ketilgan. Ismoil Somoniy bu qishloqni barcha yer-suvlari va daraxtlari bilan sotib olib, Buxoro shahridagi Samarqand darvozasida bino etgan rabotga vaqf mulki qilib bergan. Qoraxoniylardan Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon 12-asr boshlarida Sharg’da katta Jome’masjidi va Iskajkat qishlog’ida rabot qurdirgan. Bu qishloqda katta bir ko’handiz (qal’a) ham bo’lgan. Sam’oniyning yozishicha, Sharg’ qishlog’i Buxorodan 4 farsax uzoqlikda bo’lib, bu yerdan o’rta asrlarda ko’plab Islom ulamolari va mudarrislar, jumladan, Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ibrohim ash-Sharg’iy, Abu Hakim Shaddod ibn Said ash-sharg’iy, Abu Solih Shuayb ibn Lays ash-sharg’iy al-Kog’aziy (? — 886), Abul Hasan Ali ibn Hasan ash-sharg’iy (? — 936), Abu Usmon Said ibn Sulaymon ibn Dovud ash-sharg’iy (? — 913) etishib chiqqan. Manbalar: Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1996; Abdulkarim as-Sam’oniy, nasabnoma (Al-Ansob), Buxoro, 2003.