Shariat

Shariat (Arabcha — to’g’ri yo’l; Islomda Qonunchilik ma’nosida ishlatiladi) — Islom huquq tizimi. Shariatda sof huquqiy masalalardan tashqari axloqiy me’yorlar va amaliy diniy talablarga ham qonun tusi berilgan. Shariatga musulmon kishi uchun dunyoga kelishidan to o’limigacha yurishturishini belgilovchi qoidalar to’plami sifatida qaralgan. Ilk Islomda jamiyatni huquqiy boshqarish Qur’on asosida olib borilgan. Keyinroq musulmonlarning barcha ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va diniy faoliyatini kamrab oluvchi qonunlar majmuasiga ehtiyoj tug’ilgan. Islom xuquqshunoslari bir necha asr mobaynida Shariat me’yorlarini ishlab chiqqanlar. Shariatga Qur’on, sunna, ijmo va qiyos asos qilib olingan. Shariat huquqiy tizim sifatida 11 —12-asrlarda tugal shakllangan. Bunda yozma va og’zaki diniy, madaniy, axloqiy, huquqiy, mahalliy urfodat va an’analarning ta’siri bo’lgan. Islomda sunniylik va shiayaikdagch Shariat tizimlari o’rtasida muayyan tafovutlar bor. Sunniylikda hanafiylik, molikiylik, shofi’iylik, hanbaliylik, shialikda esa ja’fariylik mazhabining o’ziga xos huquqiy tartiblari mavjud. Shariatda davlat (xalifalik) xuquqi me’yorlari, majburiyat, meros, jinoyat, jazo va oila-nikoh huquqi, shuningdek, sud ishlarini yuritish, vasiylik ko’rsatmalari berilgan. Shariat xususiy mulkni Xudo tomonidan belgilangan, doimiy va o’zgarmas deb hisoblaydi. Shariatda barcha xatti-harakatlar dastlab 2 tur — harom va halolga ajratilgan. Keyinchalik Shariat shakllanib tugallangan davrda 5 toifaga bo’lingan. Bular: farz yo vojib — bajarilishi muhim va majburiy hisoblangan xatti-harakatlar (masalan, namoz o’qish, zakot berish); sunnat yo mustahab — majburiy emas, lekin ma’qul, lozim deb hisoblangan normalar (masalan, uylanish, sadaqa berish); muboh yo joiz — rag’batlantirilmaydigan va uni bajarmaslik gunoh hisoblanmaydigan ixtiyoriy xatti-harakatlar (masalan, bitim, savdo shartnomalari tuzish, safar qilish, yemoq, ichmoq va boshqalar); makruh — jazoga tortilmaydigan, ammo noma’qul hisoblanadigan xatti-harakatlar (masalan, so’kinish, kattalarning hurmatini o’rniga qo’ymaslik, suvni ifloslantirish, hayvonlarga haddan ortiq yuk ortish); harom — qatiy ravishda taqiqlangan xatti-harakatlar (masalan, cho’chqa go’shti iste’mol qilish, araq ichish, odam o’ldirish va boshqalar). Shariat jinoyat uchun qat’iy, shafqatsiz choralarni ko’zda tutadi. Shariat ilmlari Islom dini va unga bog’liq bo’lgan masalalarni qamrab olgan. Bular tajvid (qiroat), tafsir, hadis, fiqh ilmlari, fiqhning far’iy (juz’iy) qismlari hamda kalom ilmidan iboratdir. Shariat ilmlari qatoriga Arab tili va adabiyoti ham kiritiladi, chunki ularsiz Shariat ilmlarini o’rganish mumkin emas, deb hisoblanadi. Ad.: Burhoniddin Marg’inoniy, Hidoya, 1J., T., 2000; Abdulvahhob Xallof, Usul ul fiqh (Islom qonunshunosligi asoslari), 1—2-qism, T., 1997; 3-4 qism. T., 1999; Abdulhakim Shar’iy Juzjoniy, Islom huquqshunosligi, hanafiy mazhabi va O’rta Osiyo faqixlari, T., 2002; Saidov A.H., Burhoniddin Marg’inoniy — buyuk huquqshunos, T., 1997; Husniddinov Z., Islom: yo’nalishlar, mazhablar, oqimlar, T., 2000.