“Sharq yulduzi”
“Sharq yulduzi” – adabiy-badiiy va ijtimoiy jurnal. Muassisi O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi. Toshkentda 1 yilda 4 marta nashr etiladi. Dastlab “O’zbekiston sho’ro adabiyoti” (1932 yil iyun—iyulda), “Sovet adabiyoti” (1935 yil, yanvar), “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” (1935, iyul) nomlarida chop etilgan. 2-jahon urushi yillarida vaqtincha to’xtatilgan. 1946 yildan hozirgi nomda. Sahifalarida O’zbekiston va chet el yozuvchilarining badiiy asarlari nashr etiladi. Adabiyot va san’atning muhim sohalariga bag’ishlangan adabiy-tanqidiy, publisistik maqolalar ham e’lon qilinadi. O’zbek yozuvchilaridan G’. G’ulomning “Shum bola” qissasi, Oybekning “Navoiy” romani, A. Qahhor, M. Shayxzoda, S. Abdulla, Mirtemir, Zulfiya va boshqalarning asarlari dastlab “Sharq yulduzi”da chop etilgan. Jurnalga turli yillarda Oybek, V. Zohidov, Uyg’un, A. Muxtor, H. G’ulom, Mirmuhsin, O’. Hoshimov, O. Muxtor muharrirlik qilgan; 2005 yildan muharriri Minhojiddin Mirzo. Adadi 1500 nusxa (2005).