Shastri, Shastriy La’l Bahodir
Shastri, Shastriy La’l Bahodir (1904.2.10, Uttarpradesh shtati, Mo’g’ulsaroy — 1966.11.1, Toshkent) — Hindiston davlat va siyosat arbobi; Qo’shilmaslik harakatida ishtirok etgani uchun 1921 yilda qamalgan; hammasi bo’lib 9 yilni qamoqda o’tkazgan. Kashiy (Banoras) universitetida tahsil olgan, Hindiston milliy ozodlik harakatining faol qatnashchisi. Hindiston Milliy Kongressi (HMK)ning birinchi Bosh kotibi (1951), Uttarpradesh komiteti Bosh kotibi lavozimiga 2 marta saylangan. 1952-56 yillar temir yo’l va transport, 1958-61 yillar savdo va sanoat vaziri, 1952 yilda esa Hindiston parlamentining yuqori palatasi (Rajya Sabha)ga saylangan. 1961— 63 yillarda Hindiston ichki ishlar vaziri; atom energiyasi masalalari bo’yicha vazir, Reja komissiyasi raisi. J. Neruning vafotidan keyin Hindistonning ikkinchi Bosh vaziri, 1964 yil 9 iyundan umrining oxirigacha shu lavozimda ishlagan. Pokiston prezidenti Muhammad Ayyub Xon bilan birgalikda Hindiston — Pokiston mojarosini tinch yo’l bilan hal qilish maqsadida tuzilgan Toshkent deklaratsiyasini imzolagan. Toshkentda vafot etgan. Jasadi Hindistonga olib borilgan. Vafotidan keyin (1966) Hindistonning oliy mukofoti “Bharat Ratna” bilan taqdirlangan. Dehlida memorial muzeyi bor. Toshkentdagi Sodiq Azimov ko’chasida va 24-maktab oldida Shastri ga haykal o’rnatilgan, nomida maktab va ko’cha bor. Shastrining 100 yilligi munosabati bilan Toshkentdagi Hindiston madaniyat markaziga uning nomi berilgan. Ansoriddin Ibrohimov.