Shayx Qalandar bobo majmuasi

Shayx Qalandar bobo majmuasi — Xivadagi me’moriy yodgorlik (16-asr — 1894). Shoh amaldorlaridan Rahmatulla yasovulboshi tomonidan qurila boshlangan, Muhammad Rahimxon II ning singlisi Bekajon-Beka tomonidan nihoyasiga yetkazilgan. 16-asrda yashagan Shayx Qalandar bobo maqbarasi atrofida madrasa, masjid, minoradan iborat majmua barpo etilgan. Madrasaga 3 gumbazli miyonsaroy orqali kiriladi. Miyonsaroyning 3-xonasi darsxona va masjid bilan o’zaro bog’langan. Peshtog’i shimolga qaragan, uning 2 burchagida guldastalar qad ko’targan. Minora (balandligi 18 metr, asosining diametri 6 metr) peshtoqdan 4 metr narida, bosh tarzi markazida joylashgan. Uning belbog’iga g’ishtlar mavjli shaklda terilgan. Maqbaraning 3 xonasidan bizgacha ziyoratxona saqlangan.