Shayx Xovandi Tohur
Shayx Xovandi Tohur (Tahur), Shayxontohur (13-asr oxiri, hozirgi Bo’stonliq tumani Bog’iston qishlogi — 1359, Toshkent) — Shayx. Shayx Umar Bog’istoniyning o’g’li. Rivoyat etilishicha, Umar Bog’istoniy befarzand bo’lib, kunlarning birida o’z zavjai muhtaramasi bilan Shayx Zayniddin maqbarasiga kelib Allohdan farzand ato etishni iltijo qilishadi. Ko’p o’tmay farzand ko’rishib, unga Xovandi Tohur (pok Shayx) deb nom qo’yishadi. Shayx Xovandi Tohur ilohiyotga va tariqatga doir ilk saboqni otasidan olgan. “Rashahot Ayn alhayot” (“hayot buloqlaridan oqqan tomchilar”) nomli asarda yozilishicha, Shayx Xovandi Tohur ilohiyot va tasavvuf ilmining yirik namoyandalaridan biri, yetuk mutasavviflardan bo’lgan. U yassaviylik tariqati namoyandalaridan tariqat yo’lini o’rganadi hamda ilmi zohiriy va ilmi botiniy sir-asrorlaridan voqif bo’ladi, karomatli shayxlar orasida yuksak maqomga erishadi. Yakka xudolik haqidagi ta’limotni, tasavvufga oid iboralarni sharhlab bergan, shuningdek, she’riyat bilan shug’ullangan. Shayx Xovandi Tohurning Dovud ismli o’g’li bo’lib, u ham Shayx sifatida mashhur edi. Shayx Xovandi Tohur dafn etilgan joy ziyoratgoh hisoblanadi. Uning mozori atrofi da boshqa sag’ana va qabrlar paydo bo’lib, Toshkentning katta va muqaddas qabristoniga aylangan. Xoja Ahror qabr ustiga maqbara qurdiradi. Zotan uning volidai muhtaramasi Shayx Dovudning qizi bo’lgan. Xoja Ahror qurdirgan inshoot zamonlar o’tishi bilan nurab, bizgacha yetib kelmagan. Hozirgi maqbara esa avvalgisining loyihasi va ko’rinishini saqlagan holda qayta tiklangan. Toshkent shahridagi tumanlardan biri Shayx Xovandi Tohur nomi bilan ataladi.