Shayxov Hojiakbar
Shayxov Hojiakbar (1945.25.3, Shinjon, Xitoy — 2002. 27.5, Toshkent) — fantast yozuvchi va publitsist. O’zbek ilmiy-badiiy fantastikasining asoschilaridan. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi (1997). Ota-bobolari asli toshkentlik bo’lib, Sharqiy Turkistonga ko’chib ketishgan va 1955 yil vataniga qaytishgan. Toshkent politexnika institutining energetika fakultetini tugatgan (1971). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi elektronika institutida yetakchi muhandis (1978-81), “yosh gvardiya” nashriyotida bo’lim mudiri (1981-84), O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo’yicha o’rinbosari (1984-89), 1999-2000 yillarda “sirli olam” jurnal va uning ilovasi — “qalb ko’zi” gazetaning asoschisi va bosh muxarriri. “Yozuvchi” nashriyotining direktori (1996-2000), O’zbekiston yozuvchilari uyushmasi raisining birinchi o’rinbosari (2001 yildan). Shayxov 70 dan ziyod ilmiy-fantastik hikoyalar, qissalar va romanlar muallifi. “Rene jumbog’i” (1977), “zalvorli odimlar” (1977), “Yettinchi opetrasiya” (1979), “g’aroyib ko’lanka” (1980), “olmos jilosi” (1983), “So’nggi ajdarning halokati” (1985), “Hayotbaxsh xayollar” (1985), “Ajdodlar xotirasi” (1986), “yonar daryo” (1986), “Maktab sahnasi” (1988), “sehrli qiz” (1989), “telba dunyo” (1990), “tutash olamlar” (1996), “Jodugarning yeri” (1999), “ikki jahon ovorasi” (2001) va b. fantastik qissa va romanlari bor. Asarlarida ezgulik va yovuzlik, to’g’rilik va egrilik, bag’rikenglik va xudbinlik o’rtasidagi kurash ilmiyfantastik shakllarda o’ziga xos yo’sinda aks ettirilgan. Voqealar silsilasi qanchalik gayritabiiy, qahramonlar esa qanchalik g’aroyib bo’lmasin, voqealar Yerdagina emas, butun koinotda, qo’shni sayyoralarda ro’y bermasin, ular oxir-oqibat qay bir tomonlari bilan odamlarning bugungi hayoti va tashvishlariga bog’lanib ketgan. “Fan fidoyisi” (1987), “zamin shaydosi” (1990) publisistik asarlari ham chop etilgan.