Shekspir Uilyam
Shekspir Uilyam (1564.23.4 — Stratfordon-Eyvon — 1616.23.4) — ingliz dramaturgi va shoiri. Taxminan 1585 yilda ona shahrini tark etib, birmuncha fursatdan so’ng Londonga borgan. Teatr aktyori va dramaturg sifatidagi faoliyati 1580 yildan boshlangan. Shekspirning 1603 yildan keyingi aktyorlik faoliyati to’g’risida biror ma’lumot yo’q. Ammo u o’zining “Lordkamerger xizmatkorlari” truppasi uchun (mazkur truppa Yakov I ning taxtni egallaganidan keyin qirol truppasi deb atalgan) pesalar yozishda davom etgan. Taxminan 1612 yilda stratfordga qaytib kelgan va shu yerda vafot etgan. Shekspirning aktyor sifatidagi faoliyati taxminan 15 yil davom etgan. U Angliyaning eng yaxshi hisoblangan truppasida 2-darajali rollarni ijro etgan va shu truppa uchun pesalar yozgan. Shekspirning adabiy merosi she’riyat va dramaturgiya asarlaridan iborat. Yoshlik yillarida mifologik syujet asosida yozgan “Venera va Adonis” (1593) hamda Rim tarixiga oid “Lukresiya” (1594) dostonlari samimiy kutib olingan. Bu asarlar, ayniqsa, 1592-1600 yillarda yozilgan “Sonetlar” Shekspirning Uyg’onish davri madaniyati bilan uzviy aloqada maydonga kelganini ko’rsatdi. Jahon lirikasining buyuk namunalari qatoridan o’rin olgan Shekspir sonetlari mavzu jihatidan 2 guruhga ajraladi: dastlabki 126 sonet shoirning yaqin do’stiga bag’ishlangan bo’lsa, 127-152-sonetlarda lirik qahramonning bevafolik qilgan mahbubaga nisbatan muhabbat tuyg’usi va iztiroblari tasvir etilgan. Shekspir yana bir necha dostonlar ham yozgan bo’lsada, ularning muallifi masalasi hamon bahslidir. Shekspir asarlarining nashr sanalari ularning na yozilgan va na sahnaga qo’yilgan vaqtiga to’g’ri keladi. Shekspir bir necha qismdan iborat asarlarining avval 2-3-qismlarini, keyin 1-qismini yozgan paytlar ham bo’lgan. Shuning uchun adabiyotshunoslar Shekspirning dramaturgik ijodini 4 davrga bo’lib o’rganishni ma’qul ko’radilar: 1-davr — 1590-94, 2-davr 1594-1600, uchinchi davr 1600-1608, to’rtinchi davr 1609-1613 yillar. Shekspir dramaturgik ijodining 1-davrida Doston, ilk tragediya (“Tit Andronik”) va komediyalar (“xatolar komediyasi”, “qiyiq qizning tiyilishi”)dan tashqari, “Genrix VI” (2-qism, 1590), “Genrix VI” (3- qism, 1591), “Genrix VI” (1-qism, 1592), “Richard III” (1593) ilk xronikalarini yozgan. 2-davrida “Richard II” (1595) “tra- gediyaga yaqin xronika”si, “Genrix IV” (1- qism, 1597), “Genrix IV” (2-qism, 1598) va (1594), “yoz tunidagi tush”, “Venesiya savdogari” (1596) romantik komediyalari hamda “Romeo va Juletta” (1595) tragediyasini yozgan. Uning “yo’q joydan chiqqan g’avg’o” (1598), “o’n ikkinchi kecha” (1600) singari mashhur komediyalari ham shu davrda maydonga kelgan. Dramaturg ijodining shoh asarlari — “Yuliy Tsezar” (1599), “Hamlet” (1601), “Otello” (1604), “Qirol Lir” (1605), “Makbet” (1606), “Antoniy va Kleopatra”, “koriolan” (1607) singari tragediyalar Shekspir ijodining 3-davrini tashkil etadi. “Genrix VIII” (1613) xronikasi, “qish ertagi” (1611), “bo’ron” (1612) romantic drama va tragediyalari esa Shekspirning so’nggi davr ijodi mahsulidir. Shekspir o’z asarlarini yaratishda xolinshedning Angliya tarixiga oid syujetlarga boy “Angliya, Shotlandiya va Irlandiya xronikasi”dan samarali foydalangan. Shekspir tarixiy tragediyalarining maydonga kelishida Plutarxning “qiyosiy hayotnomalar”, komediyalarining yozilishida esa M. Bandelloning Italiyaning Uyg’onish davriga oid hikoyalari asosiy manba bo’lib xizmat qilgan. “Romeo va Juletta”, “Hamlet”, “Qirol Lir” sinfari tragediyalarga asos bo’lgan syujetlar asosida Shekspirga qadar ham sahna asarlari yaratilgan. Lekin bu syujetlar Shekspirga xos ulkan dramaturgik mahorat tufayli jahonshumul fikr va g’oyalarni ifodalovchi o’lmas asarlarning yuzaga kelishida hayotiy manba vazifasini bajargan. Shekspir o’zigacha bo’lgan Yevropa xalqlari tarixi, adabiyoti va teatrini o’rganish bilan birga 17-asrning ilg’or tafakkur mevalaridan ham bahramand bo’lgan va shu asosda ularni o’zining eng yaxshi asarlarida katta badiiy kuch bilan mujassamlantirgan. Har bir tarixiy davrda kuzatilganidek, Shekspir yashagan davr ham ziddiyat va qarama-qarshiliklardan xoli bo’lmagan. Shekspir, boshqa yozuvchilardan farqli o’laroq, o’z davri hayotidagi bunday ziddiyatlar, ijtimoiy hayot va kishilar taqdiridagi murakkabliklarni nozik his etgan hamda shu bilan kifoyalanib qolmay, jamiyat va inson hayotining qaltis nuqtasida yuzaga kelgan dramatizmni tasvirlashga alohida e’tibor bergan. U haqiqiy dramaturg sifatida personajlarning u yoki bu xatti-harakatlarini keltirib chiqargan ijgimoiy, maishiy, ma’naviy va ruhiy sabablarni ochib tashlab, ularning har biriga o’z xulq-atvoridagi keskin o’zgarishlarni to’la asoslash yoki izohlash imkonini yaratgan. Shekspir ijodining 2-davrida poetik drama ustasi sifatida namoyon bo’lgan. U shu davrda qarama-qarshi qo’yish usullaridan voz kechmagan holda dramatizmga katta e’tibor berib, tragik va komik motivlarni o’zaro uyg’unlashtirdi. Shuning natijasi o’laroq Shekspir ijodida (“Romeo va Juletta”, “Richard II”, “o’n ikkinchi kecha”) dramatik lirizm avj nuqtasiga erishgan. Shekspir ijodining 3-davrida tragediya janriga mansub asarlar yetakchi o’rini egallaydi. Dramaturg Uyg’onish davriga xos gumanizm va insonparvarlik g’oyalari bilan voqelikda tobora rivojlanib borayotgan xudbinlik, munofiqlik, yovuzlik o’rtasidagi ziddiyatni ko’rib, shu ziddiyatlarni o’z asarlariga konflikt sifatida jalb etadi. U xuddi shu davrda yaratgan tragediyalarida badiiy mahorat cho’qqisiga erishgan. Shekspir ijodining so’nggi davriga oid romantik drama va tragik komediyalar uning dunyoqarashida hayotiy ziddiyatlarni ijobiy hal qilish mumkin, degan umid paydo bo’lganidan guvohlik beradi. Shekspirning butun ijodini nurlantirib turuvchi fazilat yuksak axloqiy-ma’naviy muammolarning tasviridir. “Romeo va Juletta” lirik, “Yuliy Tsezar” siyosiy, “Hamlet” intellektual tragediya, “Otello” esa ehtiroslar tragediyasi hisoblansada, ular zamirida o’rta asarlar uchun ham, hozirgi zamon uchun ham katta ahamiyatga molik bo’lgan axloqiy masalalar yotadi. Agar “Yuliy Tsezar”, “Hamlet”, “Makbet”, “Romeo va Juletta” singari asarlarda tasvirlangan dramatik konflikt qahramonlarga o’zini bilish, o’zining ruhiy kuchini ro’yobga chiqarish imkonini bergan bo’lsa, Otello, Lir singari adashgan qahramonlar ongi faqat fojea ro’y berib, muqarrar halokat yaqinlashganidan keyingina nurlanib ketadi. Shunga qaramay, ularning har biri va umuman Shekspir asarlarining qahramonlari asosan qat’iy xarakterga ega bo’lgan, ongi va axloqiy qarashlari shakllangan, voqelikka hushyor ko’z bilan qarovchi, kuchli va mard insonlardir. Shekspir komediya va tragikomediya janrlarida ham yuksak san’at asarlari yaratgan. Uning Uyg’onish davri romantikasi bilan sug’orilgan, qishloq hayoti manzaralari tasvirlangan, sarguzashtbop voqealarga boy komediyalari markazida har qanday to’siqni engib o’tuvchi muhabbat mavzui yotadi. Shekspir tragedyyalarida bo’lgani singari, komediyalaridagi qahramonlarning nutqi ham o’tkir va chuqur fikrlarga, piching va hazil-mutoyibalarga boy. Shekspirning o’zbek tomoshabini tomonidan kashf etilishi 1935 yilda — “Hamlet” tragediyasining Hamza nomidagi drama teatri (hozirgi O’zbek milliy akademik drama teatri)da sahnalashtirilishi bilan boshlangan. Shundan keyin O’zbekistondagi o’zbek va rus teatrlarida Shekspirning “Otello”, “Romeo va Juletta”, “Yuliy Tsezar”, “Qirol Lir”, “Koriolan”, “Veronalik ikki yigit”, “Qiyiq qizning quyilishi”, “yoz tunidagi g’aroyib otlar” singari asarlari katta muvaffaqiyat bilan qo’yildi. Shekspir asarlarini tarjima etishda G’afur G’ulom, Yashin, Uyg’un, Shayxzoda, Turob To’la, Q. Mirmuhamedov kabi yozuvchi va tarjimonlar ishtirok etdilar. So’nggi yillarda Jamol Kamol Shekspir asarlarini bevosita ingliz tilidan o’zbek tiliga tarjima qildi. Cho’lpon qalamiga mansub “Hamlet”ning tarjimasi esa o’zbek tarjima san’atining shoh namunasi hisoblanadi. As: Polnoe Sobranie sochineniy, t. 1 -8, M., 1957 -60; asarlar, 1 5J.lar, T., 1981 85. Ad. Anikst, Shekspir, M., 1964; Anikst, Shekspir, Remeslodramaturga, M., 1974;Qayumov O., Vilyam Shekspir, T., 1964; Sulaymonova F., Shekspir O’zbekistonda, T., 1971; Deych A., Abror Hidoyatovning uch qahramoni [O’zbekiston qalbi], T., 1974; Barg M. A., Shekspir i istoriya, M., 1976. Naim Karimov.