Shengavit manzilgohi
Shengavit manzilgohi – eneolit va ilk jez davri yodgorligi. Yerevan shahri chetida, Zangi daryosining so’l sohilida joylashgan. Madaniy qatlami qalinligi 4 metr, Shengavit manzilgohi toshdan bunyod etilgan minoralari bo’lgan mudofaa devoir bilan o’ralgan. Daryoga eltuvchi yer osti yo’li aniqlangan. Tarhi dumaloq (diametri 6-7 metr) uylar (o’rtasida ko’chma o’choqlari bor) qoldiqlari chiqqan. Naqsh solingan sopol idishlar, turli tosh qurollar, suyakdan yasalgan buyumlar topilgan. Shengavit manzilgohi odamlari dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan. Ular metallni qayta ishlashni ham bilishgan: jezdan yasalgan to’g’nog’ichlar, bigizlar, munchoqlar, bolta quyishga mo’ljallangan tosh qoliplar chiqqan.