Shenyan, Mukden

Shenyan, Mukden — Xitoyning shimoliy Sharqiy qismidagi shahar, Xuanxe daryosi bo’yida. Lyaonin provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 6,7 million kishi (shahar atrofi bilan, 1998). Transport yo’llarining yirik chorrahasi. Sanoat markazi. Mashinasozlikning turli tarmoqlari (sanoat jihozlari, transport vositalari, elektrotexnika motorlari ishlab chiqarish) rivojlangan. Rangli metallurgiya (qo’rg’oshin va rux eritish), kimyo, oynashisha, yengil, oziq-ovqat sanoati korxonalari ishlab turibdi. Universitet, madaniy muassasalar bor. Shahar Xouchen nomi bilan miloddan avvalgi 2-asrdan ma’lum. 1621 yilda Shenyanni manjurlar egallagan. 1625— 1912 yillarda Mukden deb atalgan. Tsin sulolasi davrida (1644-1911) Xitoyning 2-poytaxti bo’lgan. Me’moriy yodgorliklardan Shenyan va uning atrofida 9-14-asrlarda qurilgan saroy va ibodatxonalar saqlangan.