She’r tuzilishi

She’r tuzilishi — she’riy nutqning davomiyligi, ritmi va musiqiyligini uyushtiradigan usul; adabiy-badiiy vosita. Nazm vositasidagi nutq, ya’ni she’riy nutq nasriy nutqdan She’r tuzilishi qonuniyatlariga ko’ra va shu qonunqoidalarga qat’iy amal qilinishi bilan farqlanadi. She’r tuzilishi aslida o’ziga xos murakkab tizimni tashkil etadi. Chunki she’rning yaratilishida juda ko’plab g’oyaviy va badiiy unsurlar ishtirok etadi. Jumladan, mavzu, g’oya, band, Naqarot, ritm, vazn, qofiya, intonatsiya, pauza, urg’u, poetik timsollar, fonetik usul- lar, badiiy san’atlar, syujet, timsol, kompozisiya, konflikt va boshqalar unsurlarning aniq, yagona bir tizimga birikuvidan she’r paydo bo’ladi. She’r tuzilishidagi mazkur jihatlarni shartli ravishda 2 guruhga ajratish mumkin: mazmunga oid unsurlar va shaklga oid unsurlar. She’r to’qimasida bu unsurlar bir-biriga chambarchas bog’liq va ularni sira bir-biridan ajratib bo’lmaydi. She’rda bir unsur ikkinchisiga, ayni damda, ikkinchisi birinchisiga o’tib turishi, ba’zi hollarda esa bir unsur ham mazmun, ham shakl vazifasini o’tashi mumkin (masalan, timsol). She’rda mazmun va shakl bir butun holda voqe’ bo’ladi. She’rda mazmun va shakl mutanosibligi haqida Alisher Navoiy shunday yozgan: Nazmda ham asl anga ma’ni durur, bo’lsun aning surati har ne durur. Nazmki ma’ni anga marg’ub emas, ahli maoni qoshida xo’b emas. Nazmki ham surat erur xush anga, zimnida ma’ni dag’i dilkash anga. (“Hayrat ulabror”) She’r tuzilishida, asosan, 5 shakliy unsur ishtirok etadi, bular: vazn, qofiya, band, takrir va tajnis bu jihatlar nasrda ham uchrashi mumkin. Biroq ular nasrda muntazam ravishda mavjud emas vazn — she’r o’lchovi yoki me’yorini bildiradi. U she’riy nutqni nasriy nutqdan ajratib turuvchi asosiy unsurlardandir. Vazn ba’zan saj’da va aruzning bahri ta’vil shaklida ham uchrashi mumkin. Qofiya esa ohangdosh so’zlarni she’r misra (bayt, band)larida tizimli bo’lib kelishidir. U eaj’ va boshqalar shakldagi asarlarda ham qo’llanadi. Band — she’rning alohida qofiyalanish tartibiga ega ritmik bo’lagi. U qofiya va intonasiya bilan birikkan misralarning muayyan tartib asosida takrorlanishidir. Vazn va bandni tildan ajralgan holda, turli jadvallar va belgilar bilan ham ko’rsatish mumkin. Ammo qofiya, takrir (so’z takrori) va tajnis (jinsdosh so’zlar) til materialidagina ko’rinadi. She’r tuzilishi taraqqiyotida uning milliy va baynalmilal tomonlari ko’zga tashlanadi. Milliy tomoni milliy til tabiatiga suyanganligida ko’rinadi (masalan, qofiya milliy til bilan bog’liq milliy unsur bo’lib, uning ifodalanishida yaqqol namoyon bo’ladi). Tarixan xalqlarning o’zaro bir-birlariga yaqinlashishlari natijasida turli xalqlarning She’r tuzilishi ham o’zaro yaqinlashadi. Masalan, o’zaro yaqin milliy til guruhlarida She’r tuzilishi bir-biridan keskin farq qilmaydi (masalan, turkey xalqlar). She’r tuzilishining baynalmilal tomoni esa takomillashuv yo’li bilan taraqqiy etib, shakl o’zgarishi tarzida sekin-asta o’zgarib borgan. She’r tuzilishi unsurlari turli Millatlar uchun mushtarak bo’lishi ham mumkin (masalan, barmoq va aruz aksar turkiy xalqlarda ishlatib kelinadi; band ham ko’plab xalqlar She’r tuzilishi uchun baynalmilal hodisa; sonet yoki g’azal jahonning ko’pgina xalqlari she’riyatida qo’llangan va qo’llanmoqda). She’r tuzilishi tarixiy taraqqiyot, davr uslubi va madaniy-adabiy an’analar bilan uzviy aloqada yashaydi. Bir She’r tuzilishida turli she’r tizimlarining imkoniyatlari mavjud bo’lishi va ular tarixiy taraqqiyot natijasida birinketin ro’yobga chiqishi mumkin. Har qanday She’r tuzilishidagi vazn asosida bo’g’in turadi. Biroq she’r tizimlarining xarakteri bo’g’inning qaysi xususiyatiga tayanishiga bog’liq. Sillabik tizim, shu jumladan, o’zbek barmoq tizimi bo’g’inlarning soniga, tonik tizim urg’usiga, sillabiktonik tizim esa bo’g’inning urg’uli va urg’usizligiga tayanadi, aruz esa bo’g’inning cho’ziqqisqaligiga qaraydi. O’zbek She’r tuzilishi tarixida quyidagi holatlar nazarda tutilishi she’rshunoslar tomonidan ta’kidlanadi: 1) turkiy xalqlar, xususan, o’zbek She’r tuzilishining “folklor tipi” davri. Bunda sintaktik parallelizmga tayanilgan. Misralar dastlab bo’g’in soni jihatidan teng bo’lmagan, ularni she’riy alliterasiya, tovush usullari va so’z takrori uyushtirgan, qofiyalar bilan so’z takrorlari aralash holda misra ichida joylashgan (qofiyaning misra oxiriga chiqishi keyingi davrlarga xos hodisadir). Buni o’ziga xos barmoq she’r tizimi davri, deyish ham mumkin; 2) aruz vazniga asoslangan She’r tuzilishi davri. Aruz Arab xalq og’zaki ijodi negizida 8-asrda shakllangan va Islom dinining yoyilishi bilan avval Eronga, keyin O’rta Osiyo xalqlari, xususan, o’zbek adabiyotiga kirib kelgan va 11-asrdan qo’llana boshlagan. Juda ko’plab Durdona asarlar shu She’r tuzilishida yaratilgan; 3) erkin vaznga asoslangan She’r tuzilishi o’zbek adabiyotiga 20-asrning 20-yillarida rus tonik she’r tizimi ta’sirida kirib keldi. Biroq bu vazn o’lchov, qofiya, band jihatidan erkin bo’lsada, alohida tizim emas, balki barmoq vaznining sodda, qo’shma, aralash, murakkab kabi vazn turlaridan biridir; 4) bo’g’inurg’u, miqdorurg’u va qorishiq she’r tizimlari. Bular nisbatan keyinroq paydo bo’lgan tizimlardir. Biroq yuqorida sanalganlardan faqat 2 tasi — barmoq va aruz tizimlari o’zbek She’r tuzilishining asosini tashkil etadi. Negaki, o’zbek she’riyati, asosan, barmoq va aruzda yaratilgan. Qolgan she’r tizimlari — erkin vazn, bo’g’inurg’u, miqdorurg’u va qorishiq tizimlar u qadar keng tarqalmagan. Ad. Yzzat Sulton, adabiyot nazariyasi, T., 1980; adabiy turlar va janrlar, T., 1992; Boboev T., She’r ilmi ta’limi, T., 1996. Otabek Jo’raboyev.