Sheralixon, Sheralixon Hojibek o’g’li

Sheralixon, Sheralixon Hojibek o’g’li (taxminan 1797-1845) Qo’qon xoni (1842-45). 1842 yil Buxoro amiri Nasrullo Qo’qonni bosib olib Ibrohim xayolni noib etib tayinlab ketadi. Uning zulmidan norozi bo’lgan qo’qonliklar qo’zg’olon ko’taradilar va xon avlodlaridan bo’lmish Sheralini Qo’qon xoni deb e’lon qiladilar. Sheralixon qo’zg’olonga rahbarlik qiladi. Qo’zg’olonchilar Qo’qonga kiradilar va Buxoro qo’shinini tor-mor keltiradilar. Ibrohim Xayol Buxoroga qochgan. Sheralixon Buxoro amiri Qo’qonga yangi yurish uyushtirishi mumkinligini bilib, qabila va harbiy boshliqlar, aminlar, oqsoqollar va obro’li, nufuzli arboblar kengashini chaqirib, unda shoshilinch ravishda miltiq, qilich, to’siqlar tayyorlashga qaror qilingan. Qo’qon atrofida to’siq va qo’rg’onlar barpo qilishga kirishilgan, lekin qurilish nihoyasiga etmay, Buxoro qo’shini Qo’qonga yaqinlashib shaharni qamal qiladi. Buxoro qo’shinlari tevarak-atrofdagi qishloqlarni vayron qiladi, lekin shaharni egallay olmaydi. Qo’qon mudofaasida ayollar ham faol ishtirok etadilar. Nasrullo 40 kunlik qamaldan so’ng Buxoroga qaytib ketgan. Sheralixon o’g’li Abdurahmonbekni amiri lashkar qilib tayinlab, uni Toshkentni zabt etish uchun yuboradi. Qo’shinlar Sirdaryodan o’tib, Quramaga kelganda Xo’jand hokimi Xudoyorboy ahvolni aniqlab, Amir Nasrulloga xoinlik qiladi va Sheralixonning oliy hokimiyatini tan oladi. Qo’qon xoni unga Xo’jand viloyati hokimligini tortiq qiladi. Qo’qon va Toshkent qo’shinlari o’rtasidagi jangdan so’ng Toshkent va Dashti Qipchoq zabt etilib, qaytadan Qo’qon xonligi tarkibiga kiritilgan. Sheralixon davrida xonning soliq siyosatiga qarshi xalq qo’zg’olonlari bo’lib turgan. Sheralixonning mustaqil ravishda hokimiyatni boshqarishga intilishi qipchoqlar rahnamosi Musulmonqulning qarshiligiga uchraydi. Musulmonqul isyon ko’tarib, Isfara hokimi Sotiboldibekni xat bilan sobiq Qo’qon xoni Olimxonning o’g’li Murodbekning oldiga yuboradi va uni Qo’qon xonligining taxtini egallashga taklif etadi. O’shda qo’zg’olon boshlanganidan xabar topgan Shahrixonning hokimi, Musulmonqulning rejasini bilmagan holda, tezda qo’shin to’plab, O’sh qo’zg’olonini bostiradi. Ammo Musulmonqul o’z rejasini bajarish uchun O’shga qo’shin bilan borib, qo’zg’olonda ishtirok etganlarni beshafqat jazolab va qonga botirib, 5-10 ming kishini asirga oladi. Qo’zg’olon rahbari Mulla Yusuf ham qo’lga olinib O’shda dorga osiladi. Bu vaqtda esa Murodbek Qo’qonga kelib, Sheralixon huzuriga kiradi. Sheralixon vaziyatni anglagan holda unga taxtni topshiradi. Musulmonqulning sodiq odamlari tunda Sheralixonni qatl etishadi. Ad. Bobobekov H. N., Qo’qon tarixi, T., 1996; Nabiev R. N., Iz istorii Kokandskogo xanstva, T., 1973. Haydarbek Bobobekov.