She’riyat, poeziya

She’riyat, poeziya — she’riy asarlar majmui. Dastlab She’riyat deyilganda, umuman badiiy adabiyot tushunilgan. She’riyat badiiyatga daxldor sanalgan. Insoniyat tarixida faqat she’r shaklida yozilgan bitiklargina so’z san’atiga tegishli hisoblab kelingan. Garchi qadim zamonlarda ham nasrga oid asarlar yaratilgan bo’lsada, ular nafis san’atga, badiiy adabiyotga tegishli emas, deb qaralgan. She’rning muayyan ichki tartib asosiga qurilganligi, oddiy so’zlashuvga o’xshamasligi, hamma ham fikru tuyg’ularini bu shakdda ifodalay olmasligi unga qandaydir sirlilik, mumtozlik maqomini beradi. Bunday qarash butun dunyoda hukmron bo’lgan. Yevropada Uyg’onish davriga kelibgina nasriy asarlar badiiy adabiyotga tegishli ekanligi tan olingan. Rossiyada 19-asr boshlarida nasriy asarlar ham badiiy adabiyot namunalari sanaladigan bo’ldi. Musulmon sharqida esa, nasrni so’z san’atiga tegishli, deb hisoblamaslik 19-asr oxirlariga qadar davom etib keldi. Alisher Navoiy “hayrat ulabror” asarida chamanzordagi gul kabi go’zal va tartibli she’r (nazm)ning tuproqqa qorishib yotgan chechak singari bo’lgan nasrdan mislsiz darajada ustun ekanligini “nazm anga gulshanda ochilmog’lig’i, Nasr qaro erg’a sochilmog’lig’i” va “Bo’lmasa e’joz (mo”jiza) maqomida nazm, bo’lmas edi Tengri kalomida nazm” tarzida ifoda etadi. Shuning uchun ham o’zbek adabiyoti tarixida She’riyat ustuvor o’rin tutadi. Sh.ning axborot berish vositasigina bo’lgan so’zlashuvdan yoki fikrni tushuntirish yo’li bo’lmish ilmiy bayondan o’zining alohida qurilishi, nutqning odatdagi talablariga bo’ysunmasligi bilan ajralib turishi, kishida hissiyot uyg’otadigan ohangga egaligi ajdodlarimizda unga nisbatan ehtiromli munosabat uyg’otgan. She’riyatga xos musiqiylik, tartiblilik, shartlilik uni o’z-o’zidan ijodga, badiiyatga daxldor qilib qo’rsatgan. She’riyat tufayli inson nutqi jarangdor musiqiylik, tugallik, butunlik va uyg’unlik kasb etadi. Chunki She’riyatda so’zning sehrli jozibasi, odam ruhiyatiga ta’sir ko’rsata oladigan darajadagi ko’tarinkiligi namoyon bo’lgan. Qadimda She’riyatga ijro etiladigan, binobarin, kishilar tomonidan bevosita idrok qilinadigan hodisa sifatida qaralgan. Minglab yillar mobaynida She’riyat, asosan, inson tuyg’ulariga ta’sir ko’rsatish vositasi sanalgani uchun ham uning musiqiyligi, ohangdorligi va jarangdorligiga alohida e’tibor berilgan. She’riyat namunalari faqat mazmuni bilan emas, balki ifoda tarzi orqali ham o’quvchilar va tinglovchilarni rom etgan. Bu hol She’riyat namunalarining kuylaydigan darajadagi qat’iy akustik xususiyatlarga ega bo’lishini taqozo qilgan. She’riyatda muayyan musiqiy zarb (ritm) va qofiya, poetik sintaksis va inversiyalar qo’llanishi so’zlarning harakatchanligi, ohangdorligi va yoqimliligini ta’minlaydi. Bu hol mazmun tovlanishlariga erishish borasida She’riyatga tuganmas imkoniyatlar beradi. Nasriy asarlar o’quvchi tomonidan yolg’iz idrok etilgani, asosan, ichda o’qilgani uchun ham muallif hamda qahramonlar ovozini har bir kishi alohida “ichki quloq” bilan eshitgan. She’riyat uchun voqea va tafsilotlar tasviri emas, balki inson ruhiyati ifodasi muhimdir. Bu borada o’zbek She’riyati ayricha yuksak maqomda turadi. Shu bois milliy She’riyat uchun voqeabandliqdan ko’ra inson tuyg’ulari jilvasi, chigal kechinmalarini hissiyotga ta’sir etadigan, uni titroqqa soladigan yo’sinda ifoda etish muhimdir. Qat’iy poetik qoliplarga amal etilgan holda she’riy kashfiyotlar qilish zaruriyati o’zbek She’riyatining mukammallashuviga olib keldi. Shoir she’riy olamining tamomila o’zgachaligi, muayyan she’rda ifodalan- gan poetik mazmunni boshqa asarlarda, bo’lakcha yo’sinda berish deyarli mumkin emasligi She’riyatda universallikning ko’zga ko’rinmaydigan, ilg’ab bo’lmaydigan darajada kam ekanligiga sababdir. Har bir she’r o’zigagina mansub qoida bilan tug’iladi va shunga ko’ra yashaydi. Cho’lpon qalamiga mansub quyidagi misralarda She’riyatga xos ayni shu xususiyatlarni ko’rish mumkin: Bir tugam sochlaring mening qo’limda, G’ijimlab o’paymi yo tarab ochay? Sir deb saqlaganing mening qo’ynimda, Sir deb saqlayinmi yo elga sochay? Sochilgan sochingday sochilsa siring, Anor yuzlaringni kimga tugasan? O’zingku ularda vafo yo’q deding, Nimaga ularni tag’in kutasan? Bu misralar nasriy matnga aylantirilsa, undagi sirlilik, ta’sirchanlik, mukammallik butunlay yo’qqa chiqib, oddiy so’zlarning unchalik ham mantiqli bo’lmagan yig’indisiga aylanib qoladi. She’riyatning sehri uning mohiyatini anglash mushkulligida, mazmunning tutqich bermasligidadir. Shoirning o’zigagina xos jonli ohang, faqat o’zigagina tegishli betakror ruhiy holatning ifodalanishi She’riyatni yuksak darajaga ko’taruvchi omildir. So’z san’atining alohida shakli sifatida nasrning paydo bo’lishi o’zbek She’riyatining mohiyatini o’zgartirib, taraqqiyotini susaytirib qo’ymagan bo’lsada, uning tabiatiga jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Yangi o’zbek She’riyati yanada nafislashdi, yanada turfalashdi. She’riyat jamiyat va tabiatda ro’y bergan hayotiy hodisani badiiy hodisaga aylantirish vositasi hamda shaxsiy kechinmalarni, shoirning betakror va haqiqiy hislarini ifoda qilishning yo’li sifatida shiddat bilan rivojlanmoqda. Shubhasiz, yangi o’zbek She’riyati ko’proq lirik mohiyat kasb etayotir. Qozoqboy Yo’ldoshev.