Sherobod tumani

Sherobod tumani – Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. Tuman shimoldan Boysun, shimoli sharqsan Bandixon, sharqdan Qiziriq, Janubdan Muzrabot, Janubi sharqdan Angor tumanlari, shimoli g’arbdan Qashqadaryo viloyati, g’arbdan Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 2,73 ming km2. Aholisi 134 ming kishi (2003). Sherobod tumanida 1 shahar (Sherobod), 9 qishloq fuqarolari yig’ini (Bo’ston, Zarabog’, Oqqo’rg’on, Rabotak, Sariqamish, Seplon, Talashqon, Chinobod, Yangiturmush) bor. Markazi — Sherobod shahri. Tabiati. Relefi tekislik, adir va tog’likdan iborat. Tekislik qismi cho’l landshaftli. Tuman g’arbida Ko’hitang tog’tizmasi (eng baland joyi ayri ota cho’qqisi, 3139 metr), tog’lar orasida Zarabog’va Pashxo’rd botiqlari joylashgan. Janubiy g’arbidan shimoli sharqqa tomon Sherobod-Sariqamish qirlari o’tadi. Foydali qazilmalardan katta zaxiraga ega bo’lgan osh tuzi, oltingugurt, qo’mir, yonuvchi slanes, marmar, granit va qurilish materiallari konlari mavjud. Iqlimi quruq subtropik iqlim. Yillik o’rtacha temperatura 18°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi tekislik qismida 3,6°, tog’larda -6°, eng past temperatura -20°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 32,1°, eng yuqori temperatura 48°. Yiliga 150 mm yog’in tushadi, g’arbiy tog’oldi zonasida 500 mm ga yetadi. Vegetatsiya davri 266 kun. Tuman hududidan sherobod daryosi va uning maydon, ilonsoy, Laylagonsoy irmoqlari o’tadi. Tumanning Janub chegarasi bo’ylab zang kanali, sharqdan Sherobod magistral kanali oqadi. Oqtosh, Dashxo’rd, Zarabog’ qishloqlari atroflarida qadimda foydalanib kelinayotgan korizlar bor. Tekislikda och va to’q bo’z tuproqlar, adirlarda arid, tog’larda sur tuproqlar tarqalgan. Yovvoyi o’simliklardan archa, mavrak, kiyiko’t, tog’ rayhon, kovrak, shuvok, Vandob qishlog’i atroflarida shirinmiya, zanjabil, rovoch va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, jayran, kalamush, qo’shoyoq, yumronqoziq, jayra, ko’rsichqon, to’qayzorlarda to’qay mushugi, qobon, chiyabo’ri; qushlardan kaklik, mayna, qaldirg’och, so’fito’rg’ay, chil, ko’rshapalak, g’oz, o’rdak; sudraluvchilardan, o’qilon, gekkon, ko’zoynakli ilon va boshqalar yashaydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar (95,9%), shuningdek, tojik, rus, turkman, tatar, qozoq, koreys va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 km2 ga 50 kishi. Xo’jaligi. Tumanda paxta tozalash, keramika, g’isht, un zavodlari, MTP, “Xo’jaikon” tuz koni, “Kampirtepa” granit kareri, 130 dan ziyod xususiy firma, 16 aktsiyadorlik jamiyati, dehqon bozori, qurilish va transport korxonalari, 250 savdo, 170 maishiy xizmat, 50 jamoa ovqatlanish ob’yektlari bor. Qishloq xo’jalik, asosan, paxtachilik, g’allachilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Sabzavotchilik, polizchilik, pillachilik ham rivojlangan. Sherobod tumanida 11 shirkat, 3 dehqon fermer xo’jaliklari uyushmasi, 256 fermer, 1 asalarichilik, 2 qorako’lchilik xo’jaliklari mavjud. Sug’oriladigan yerlarning 16,5 ming gektariga paxta, 13,4 ming gektariga g’alla ekiladi. Shuningdek, kartoshka, sabzavot va poliz mahsulotlari, uzum, meva ham yetishtiriladi. 24,7 ming gektar yer o’rmonzor, 2,2 ming gektar yer ko’p yillik daraxtzor, 127 ming gektar yer yaylov bilan band (2003). Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 32,6 ming qoramol (shu jumladan, 15,3 ming sigir), 122,6 ming qo’y va echki, 57,3 ming parranda, 800 dan ziyod yilqi boqiladi. Tumandagi 65 umumiy ta’lim maktabida 37 ming o’quvchi ta’lim oladi (2003), 4 kasb-hunar kolleji, akademik litsey, madaniyat va istirohat bog’i, 7 klub va madaniyat uyi, o’lkashunoslik muzeyi, Markaziy kutubxona va uning tarmoqlari mavjud. 2 stadion, 18 sport zali, 316 sport maydonchasi, sport majmuasi faoliyat ko’rsatadi. 5 kasalxona (shu jumladan, 2 tasi qishloqda), 24 ambulatoriyapoliklinika, 51 feldsherakusherlik punkti, 10 qishloq vrachlik punkti, tez yordam punkti, 13 dorixona aholiga xizmat ko’rsatadi. Tibbiy muassasalarda 165 vrach, 1137 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tuman hududida “Oqtosh” va “Vandob” sanatoriy va sog’lomlashtirish oromgohlari joylashgan. Sherobod—Qumqo’rg’on, Sherobod— Angor—Termiz va boshqalar yo’nalishlarda avtobuslar qatnaydi. Arxeologik topilmalar Sherobod tumani hududi qadimiyligini tasdiqlaydi. Tuman hududida ibtidoiy san’atga tegishli Zaravutsoy rasmlari, Jarso’ton va Jondavlattepa qadimiy shahar xarobalari, Nondahana inshooti (19— 20-asr boshlari) bor. Hozirgi Sherobod tumani hududidan Islom olamidagi mashhur muhaddis Imom Termiziy yetishib chiqqan. Tumanda Imom at-Termiziy maqbarasi saqlangan.