Sheroziy

Sheroziy (taxallusi; asli nomi Yoqubov Madrahim, 1890, Xiva — 1973.22.10, Urganch) — xonanda va sozanda (dutor, garmon). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1949), O’zbekiston xalq artisti (1970). Qurji ota Avazmatovdan dutor chalishni, Polvon duzchidan suvora yo’llarini, Qurbon ota Ismoilovdan xalq qo’shiqlarini va garmon chalishni o’zlashtirgan. Yoshligidan to’y, bazm, xalq sayillarida xizmat qilib, Xorazm, Qoraqalpog’iston va Turkmanistonda shuhrat qozongan. Xivada kontsert brigadasi (1920), Hamza tashkil qilgan teatr truppasi (1921)da xonanda va sozanda. Moskvadagi o’zbek san’ati dekadasi (1937), katta Farg’ona kanali qurilishi (1939)da qatnashgan. 1941— 45 yillarda Yangiyo’l musiqali drama va komediya teatrida ishlagan. U xalq qo’shiqlari (masalan, “Tasadduqman”, “qora shomlar”, “Aliqambar” “qora soching” va boshqalar), Xorazm Doston yo’llari, suvoralar, maqomlarning tarona va Ufar qismlarini mahorat bilan ijro etgan. Sheroziy bastalagan “gul Vatan”, “asrlar orziqib” va boshqalar qo’shiqlar ommalashgan. San’atshunoslik instituti Sheroziydan ayrim Xorazm xalq qo’shiqlari va, asosan, suvoralarni magnit lentasiga yozib olgan (1957). M.Yusupov Sheroziy ijrosida notaga olgan Xorazm xalq qo’shiqlarini “O’zbek xalq muzikasi”ning 7-jildiga kiritgan (1960). V. Fayozov, K. Otaniyozov, M. Rahimov, S.Rahimova, M. Yusupovlar Sheroziyning shogirdlaridir. Ad.: Avaz Sotim, Madrahimov O., Madrahim Sheroziy, Urganch, 1989.