Shimol bug’usi
Shimol bug’usi — bug’usimonlar oilasiga mansub sut emizuvchi hayvon. Juni qishda qalin va uzun, oqish rangda, tiviti yaxshi rivojlangan; yozda — kalta va siyrak, qo’ng’ir yoki kulrang. Erkagida ham, urg’ochisida ham shox bor. Tuyoqlari keng, qalin qorda va botqoqlikda yurishga moslashgan. Tanasining uzunligi 220 santimetrgacha, bo’yi yag’rinidan 150 santimetr gacha, vazni 220 kilogrammgacha. Yevrosiyo va shimoliy Amerikaning qutb orollari, tundra pasttekisliklari va tog’li taygasida tarqalgan. Taymir yarim orolida Shimol bug’usining soni 500 000 ga yaqin. Tundradan, Taygadan va yana orqaga mavsumiy migrasiya qiladi. Qishda lishayniklar (yagel) va shoxchalar, yozda barg va novdalar, meva va zamburug’lar bilan oziqlanadi. Sentabr — oktyabrda urchiydi. Bo’g’ozlik davri 220 kun, 1-2 ta bola tug’adi. Erkaklari urchishdan so’ng, urg’ochilari bolalagandan keyin shoxlarini tashlaydi; avgustda yangisi o’sib chiqadi. Po’sti va terisi uchun ovlanadi. 2 ming yil ilgari xonakilashtirilgan, deb taxmin qilinadi.