Shimoliy Dvina

Shimoliy Dvina – Rossiya Federatsiyasi Yevropa qismining shimoldagi daryo. Yug va Suxona daryolarining qo’shilishidan hosil bo’ladi. Oq dengizning Dvina qo’ltig’iga quyiladi. Uzunligi 750 kilometr, havzasining maydoni 362 ming km2. Umumiy maydoni 900 km2 bo’lgan Delta hosil qiladi. Irmoqlari: o’ngdan — Vichegda, Pinega, chapdan — Vaga. Dengiz suvining ko’tarilishi Pinega quyiladigan yergacha yetib keladi. Asosan, qordan, qisman yomg’ir va yer osti suvlaridan to’yinadi. Suvi bahorda ko’payadi. O’rtacha yillik suv sarfi quyilish yerida 3540 m3/sek. Noyabr— aprelda muzlaydi. Daryoda baliq ko’p, yog’och oqiziladi, kema qatnaydi. Asosiy pristanlari: Arxangelsk, Xolmogori, Verxnyaya Tayma, Kotlas, Krasnoborsk.