Shimoliy-g’arbiy chegara viloyati

Shimoliy-g’arbiy chegara viloyati — Pokistonning shimoliy g’arbiy qismidagi hududiy birlik. Afg’oniston bilan chegaradosh. Maydoni 74,5 ming km2. Aholisi 17,5 million kishi (1998). Ma’muriy markazi — Peshovar shahri relefi, asosan, tog’li. Shimolda Hindukush tizmalari (eng baland joyi 7690 metr, Tirichmir tog’i) va Himolay tog’ining g’arbiy tizmalari joylashgan. G’arbiy qismi cho’l landshaftli past tog’lar va platolardan iborat. Iqtisodiyotida qishloq xo’jaligi yetakchi. Asosan, bug’doy, sholi, paxta, makkajo’xori, tamaki va qand lavlagi ekiladi, shuningdek, sabzavot va mevalar yetishtiriladi. Oziq-ovqat, to’qimachilik sanoati korxonalari, mexanika ustaxonalari bor. Hunarmandchilik rivojlangan (asosan, kulolchilik va uyro’zg’or buyumlari tayyorlash). Toshtuz va ohaktosh qazib olinadi. Shimoliy-g’arbiy chegara viloyati 1901 yilda Panjob viloyatining bir qismidan tashkil etilgan. 1947 yildan Pokiston hududi.