Shimoliy Toshkent kanali

Shimoliy Toshkent kanali — Toshkent va Janubiy Qozog’iston viloyatlarida joylashgan yirik kanal, 2-jahon urushi yillarida qurilgan. Bo’zsuv kanalidan (Xalqoboddan yuqoriroqda) suv olib, Yangiyo’l va Sariog’och tumanlarining suv ta’minotini yaxshilashga imkon beradi. Joy relefining murakkabligi tufayli kanal trassasi ilon izi, uning ko’p qismi qazma va ko’tarma o’zandan iborat. Uzunligi 43 kilometr, bosh va oxirgi qismlarida balandlik farqi 26 metrga teng. So’nggi vaqtlarda kanal rekonstruktsiya qilinib, uning trassasi ancha to’g’ri holga keltirilgan, yangi suv taqsimlash inshootlari barpo egilgan. Kanalning hisobiy suv sarfi 1970 yilda 20 m3/sekundgacha (quyi qismida 9 m3/sekund) yetkazildi. Kanalning chap qirg’og’ida 7 metr kenglikdagi inspektsiya yo’li, o’ng qirg’og’ida mustahkamlovchi 8 metr balandlikdagi bermalar qurilgan. Kanalda ko’p sonli to’sqichlar, 40 dan ortiq quvurlarga suv chiqargichlar, 12 ta yirik ko’prik, 11 ta nasos stansiyasi mavjud. Kanal trassasining 32-kilometrida suv sathini 15 metrga pasaytirib beruvchi tezoqarsharshara qurilgan. Kanal 10 ming gektar atrofidagi yerni sug’orish imkoniga ega.