Shirin
Shirin — Sirdaryo viloyatidagi shahar (1972 yildan). Viloyatga bo’ysunadi. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Farhod (6 kilometr). Viloyat markazi (Guliston shahri)dan 52 kilometr. O’rtacha 328 metr balandlikda. Aholisi 15,3 ming kishi (2003), asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, tatar, koreys, rus, ozarbayjon, turkman va boshqalar ham yashaydi. Shahar nomi kelib chiqishi to’g’risida turli rivoyat va taxminlar mavjud. Shulardan haqiqatga yaqinrog’i, shaharning g’arbiy qismidagi tog’ning Farhod qoyasi tagidan oqib o’tadigan Shirinqiz soyi nomidan olinganligidir. Shirin Farhod GES qurilishi munosabati bilan ishchilar posyolkasi sifatida 1943 yilda vujudga keldi. Shaharda Farhod GES, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi, savdo va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari mashinasozlik zavodi, sutkasiga 7 tonna non va non mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxona, spirt zavodi va boshqalar, shuningdek, 60 tadan ziyod turli shakldagi xususiy va kichik korxonalar bor. Sirdaryo qurilish boshqarmasi ham Shirinda joylashgan. Shaharda 4 umumiy ta’lim maktabi, 1 musiqa maktabi, 2 kasb-hunar kolleji, teatr, “Shirin” shahar bozori, 5 kutubxona, 2 muzey, kasalxona (140 o’rin), bolalar kasalxonasi, vrachlik sog’lomlashtirish punkti, 2 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 2 feldsherakusherlik punkti, dorixona, “Xavotog” sanatoriysi, madaniyat va istirohat bog’i, Xotira bog’i mavjud. “Shirin sadosi” gazetasi chop qilinadi. Shahar telestudiyasi faoliyat ko’rsatadi.