Shizofreniya

Shizofreniya (Yunoncha bo’linish va aql, ong, fikr) — ruhiy kasallik; etiologiyasi noma’lum. Ko’proq 18-35 yoshgacha bo’lgan davrda kuzatiladi. Kasallik alohida nozologik shaklga ega bo’lguniga qadar ko’pgina psixiatr olimlar tomonidan o’rganilgan. Nemis psixiatri E.Krepelin 1898 yil birinchi marta ushbu kasallikni “ilk esi pastlik” deb nomlagan. 1911 yil Shveytsariya psixiatri E.Bleyler bu ruhiy kasallikning klinik kechishini yanada chuqurroq o’rganib, uning asosida assosiativ jarayonlarning buzilishlari yotishini, buning oqibatida esa ruhiyatning parchalanishini asoslab, kasallik nomini shizofreniya deb atagan. Haqiqatan ham Shizofreniyaning asosida fikrlash, mulohaza yuritish jarayonining buzilishi yotadi. Kasallik ko’pincha zimdan, asta-sekin boshlanadi. Shizofreniya ko’pincha odamovi, kamgap, hissiyotlari sust fe’l-atvorli kishilarda rivojlangani uchun ham ular atrofidagi kishilarda ancha vaqtgacha hech qanday shubha uyg’otmaydi. Bemor, odatda, tez toliqish, quvvat, g’ayrat va havas pasayganidan shikoyat qiladi, uni faollashtirishga javoban, serzarda va injiqlik qiladi. Bu Shizofreniyaning o’ziga xos asteniya holatidir. Bu holat boshlanishida o’ziga xos hissiy buzilishlar, Kayfiyatning besabab o’zgarishi, loqaydlik, vahimaga tushish kuzatiladi. Odamovilik (autizm) kuchayadi, bemor jamiyatdan butunlay chetlashib qoladi; injiqlik, o’chakishish, sababsiz vahimaga tushish kuchayadi. Qo’rquv va miyadan ketmaydigan “shilqim fikrlar” oqibatida irim sifatlari paydo bo’ladi. Masalan, ishxonaga sog’-omon etib olishi uchun ostonadan chiqqach, chap yelka tomonga qayrilib uch marta tuflab olish va hokazolar. Bemorning fikrlari borgan sari o’z-o’zidan quyulib kelaveradigan bema’ni va befoyda mulohazalar quyunidan (mentizm) iborat bo’ladi. Masalan, bemor tunu kun nega odamda ikkita oyog’u, hayvonlarda to’rtta deb, o’ylab yuraveradi. Bu davrda ko’pincha kuchli bosh og’rig’i, uyqu buzilishi kuzatiladi. Asta-sekin kasallikning ilk davri uning rivojlangan bosqichiga o’tadi, bunda bemorning fikr-mulohazalari, tafakkuri ayniydi. U o’zining atrofidagi ko’rib turgan narsalarini bema’ni ichki hissiyotlari bilan bog’laydi; ramziy (simvolik) mulohazalar paydo bo’ladi, bunda bemor atrof-muhitdagi narsalarga, mavjud voqeaga boshqacha ma’no bera boshlaydi. Masalan, stol ustida yotgan pichoq go’yo uni kimdir o’ldirmoqchi bo’layotgani haqida ogohlantirishdek tuyuladi. Fikrlar uzuqligi (shperrung), bir-biriga ma’nosiz (paralogik, alogik) mulohazalar yuritish, gap o’rtasida hech qaysi tilda ishlatilmaydigan yangi so’zlarni ishlatish (neologizm), bir xil so’zlarni qaytaraverish (perseveratsiya), bir vaqtning o’zida bir-biriga qarama-qarshi ma’nodagi fikrlarni aytish (fikrlar ambivalentligi) — bular hammasi Shizofreniyaga xos tafakkur buzilishlaridir. Shizofreniyada hissiyotlar ambivalentligi ham ko’p uchraydi; bemor o’zining yaqin kishilari (ota-onasi va hokazolar)ga qarama- qarshi munosabatda (mehrga nisbatan nafrat va bemehrlik) bo’ladi. Ba’zan hissiy tubanlashuv alomatlari (apatiya) yuzaga keladi, Iroda susayadi (abuliya), bemor butunlay uydan chiqmay qo’yadi, hatto o’ziga ham befarq bo’lib qoladi (apatoabulik holat). Xulq-atvor butunlay ayniydi, mayl buzilishlari (ovqat, jinsiy hirs buzilishlari) vujudga keladi. Negativizm va katotonik belgilar kuzatiladi. Shu bilan bir qatorda Shizofreniyaga idrok etishning turli xil aldanishlari (illyuziya va gallyusinasiyalar) paydo bo’lishi xos. Bunga senestopatiyalar (badanning turli qismida noxush sezgilar paydo bo’lishi) hamda “tovush eshitish”, “hid kelishi”, “ta’mning paydo bo’lishi”, “tana ichidagi sezgilar” gallyutsinatsiyalari kiradi. Bemor aslida yo’q so’kish, do’q, po’pisa va buyruq ovozlarini eshitadi, chirish, achish va boshqalar noxush hidlarni sezadi va hokazolar. Vasvasa g’oyalari yuzaga chiqadi, bu ko’pincha “ta’qib qilish”, “munosabat” va “ta’sir etish” tarzida namoyon bo’ladi. Bu psixik avtomatizm hodisasi bo’lib, bunda bemor o’zida kechayotgan ruhiy jarayonni “begonadek”, uning fikr va mulohazalari, harakatlarini qandaydir yot kuchlar “zo’rlab” boshqarayotgandek tuyuladi. Bu esa ko’pincha depersonalizatsiya (“men” — “men emas”) tarzida kechib bemor o’zining tashqi ko’rinishi, tovushi yoki butun tanasini begonanikidek his etadi va hokazolar. Shizofreniyaning mavjud klinik belgilari ichida muayyan alomatlarning birinchi o’rinda ustun bo’lib ko’rinishini hisobga olib uning quyidagi turlari farq qilinadi. 1) oddiy turi — bunda, asosan, hissiyot, Iroda, fikrlash va xulq-atvorning buzilishlari ustun bo’lib, vasvasa va gallyutsinatsiyalar kamdan-kam uchraydi; 2) gebefrenik turi — bu o’spirinlarda kuzatilib, unda shilqimlik, masxarabozlik qilish, uzuq-yuluq gallyusinasiyalar, vasvasa g’oyalari ustun turadi; 3) katatonik turi — bunda, asosan, katatonik qo’zg’alish yoki katatonik tormozlanish alomatlari ustun turadi; 4) paranoid turi — vasvasa g’oyalari (ta’qib etish, zaharlanish, rashk, sehr-jodu, ixtirochilik va hokazolar) va chin hamda soxta gallyutsinatsiyalar (har xil hid va tovushlar kelishi) mavjudligi bilan ifodalanadi. Shizofreniya kechishiga qarab uzluksiz kechuvchi, rekkurent (xurujli), xurujsimon — rivojlanuvchi (shubsimon) turga bo’linadi, bularning har biri xavfli, sekin va o’rtacha kechadi. Sh.ning kelib chikish sabablari hanuz noaniq bo’lishiga qaramay qator nazariyalar mavjud. Masalan, moddalar, jumladan, uglevodlar, fermentlar, neyromediator, mikroelementlar, vitaminlar va hokazolar almashinuvining buzilishi. Bundan tashqari, endotoksikoz (autointoksikasiya) nazariyasi ham bor, bunda Shizofreniya bilan og’rigan bemorning qoni, orqa miya suyuqligi, siydigi, o’ti, hayvon va o’simlik hujayralarining o’sishi va rivojlanishidan to’xtatishi ma’- lum bo’lsada, toksik moddaning tabiati aniqlanmagan. Shizofreniyaning kelib chiqishida irsiy omillarga ham katta e’tibor beriladi. Kasallikni psixiatr vrach davolaydi. Davo bemorning umumiy holati, kasallikning turi va alomatlariga qarab olib boriladi. Davolash qancha erta va to’liq bo’lsa, kasallik oqibati yaxshi bo’ladi. Mirqobil Xalilov.