Shnitke Alfred Garrievich

Shnitke Alfred Garrievich (1934.21.11, Engels shahri 1998.3.8, Gamburg shahri. Moskvada dafn etilgan) — kompozitor, 20-asr musiqa namoyandasi, simfonizmning yirik ustasi. Rossiyada xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1987). Berlin (1981) va Bavariya (1986) san’at akademiyalari. Shvesiya Qirol akademiyasi (1987), Gamburg akademiyasi (1989) a’zosi. Moskva konservatoriyasini tugatgan (1958). Moskva (1961 yildan) va Gamburg (1990 yildan) konservatoriyalarida dars bergan. Deyarli barcha musiqa janrlarida ijod qilgan Shnitke 3 opera (“Jezualdo”, 1993; “Doktor Iogann Faustning tarixi”, 1994 va boshqalar), 4 balet (“sariq tovush”, 1974; “Per Gyunt”, 1987 va boshqalar). 9 simfoniya (1972— 98), orkestr (6 koncherto Grosso), yakka (skripka, fortepiano, Alt, violonchel va boshqalar) sozlar va orkestr, shuningdek, xor uchun kontsertlar, kamer asarlar, kantata (“Rekviem”, 1975 va boshqalar), 30 ga yaqin kinofilm, multfilm, spektakllar uchun musiqa yaratgan. Ijodida mumtoz musiqa an’analari bilan eng zamonaviy kompozitsiya texnikasi (atonal musiqa, kollaj va boshqalar)ni uyg’unlashtirib, musiqiy polistilistika uslubiga asos solgan. Asarlari teran falsafiy mazmun, ko’lami keng badiiy obrazlar, ta’sirchan ifodaviy vositalar, keskin dramaturgiyasi bilan ajralib turadi. Rossiya davlat mukofotlari (1986, 1995), Yaponiya va Germaniya (1992) mukofotlari bilan taqdirlangan. Moskvadagi musiqa akademiyasining biriga Shnitke nomi berilgan (1999).