Sho’ba korxona
Sho’ba korxona – huquqiy jihatidan mustaqil, lekin ustav kapitalida boshqa (asosiy) xo’jalik jamiyati yoki shirkatning hissasi yuqori bo’lgan xo’jalik jamiyati. Sho’ba korxona muassisi uning ustavini tasdiqlaydi va ayrim boshqaruv, shu jumladan nazorat funktsiyalarini o’zida saqlab qoladi. Sho’ba korxona aktsiyadorlik jamiyati yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat bo’lishi mumkin. Sho’ba korxona tashkil etish asosiy korxona o’zining tuzilmaviy bo’linmasi yoki mulkiy majmuasi negizida; asosiy korxonani qayta tashkil etish jarayonida o’z tarkibidan ajratib chiqarish; xo’jalik jamiyati yoki shirkat tomonidan aktsiyadorlik jamiyati aktsiyalari nazorat Paketini yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat ustav kapitalidagi tegishli hissani sotib olish shakllarida bo’lishi mumkin. Sho’ba korxonaning asosiy korxona bilan o’zaro munosabatlarining muhim xususiyati shundaki, Sho’ba korxonaning asosiy korxonaga yoki asosiy korxonaning Sho’ba korxonaga mablag’larni qaytarib olmaslik bilan o’tkazishi soliqqa tortilmaydi.