“Shodiyona”

“Shodiyona” — tantanavor kayfiyatni ifodalovchi qadimiy kuy va usullar turkumi. “Shodiyona” surnay, karnay, nog’ora (va, ba’zan, doira)lardan iborat ansambl tomonidan, ayrim hollarda yakka nog’ora yoki surnayda, asosan, to’y, bazm, “bozori shab” kabi xalq bayramlarida ijro etilgan. O’rta asr musiqa risolalarida “Shodiyonayi turkiy (“turkiy” doira usulida ijro etiladigan “Shodiyona”), “Shodiyonayi juftiy” (nikoh to’ylarida chalinadigan “Shodiyona” kuylari) kabi turlari tilga olingan. “Shodiyona” turkumi ko’p qismli bo’lib, kuylar soni 9-12 bo’lishi mumkin. Qismlarining hajmi kichikroq bo’lsada, kuylar tuzilishi va nog’ora usullari juda murakkab. “Shodiyona” turkumidagi ba’zi kuylar Shashmaqom cholg’u yo’llariga hamohang. Masalan, A.Yusupov ijrosida yozib olingan “Shodiyona”ning 9-qismi (O’zbek xalq muzikasi, VI j., T., 1958) tasnifi navoning ritmik ko’rinishidir. “Shodiyona” ning bizgacha yetib kelgan namunalari ko’p ijro etiladi, raqs kuylari sifatida keng tarqalgan. Shashmaqomning Buzruk maqomi, 2-guruh sho’balaridan Rok yo’llari “Shodiyona” nomi bilan ham mashhur bo’lib, surnay, karnay, nog’ora va doiradan iborat ansambllarda ijro etilib kelingan. Lekin “Shodiyona” ning bu turi kuy tuzilishi yirik shaklda, doira usuli, ohanglari va ritmik xususiyatlari jihatidan “Shodiyona”ning yuqorida zikr etilgan surnay yo’llaridan tubdan farq qiladi.