Shohiy

Shohiy (taxallusi; asl nomi Sulton Mas’ud Mirzo Shohiy) (1475 — G’azna — 1507) — shoir, temuriy shahzodalardan biri. Otasi Sulton Mahmud Mirzo Sohibqiron Amir Temurga 5-bo’g’in avloddir. Onasi Xonzodabegim Mir Buzurg Termiziyning qizi. Shohiy boshqa temuriyzodalar kabi yoshligidan ilmga, adabiyotga havasmand bo’lgan. Otasi unga Hisor hokimligini topshirgan va u otasining vafotiga qadar (1495) bu yerni boshqarib turgan. Samarqandni olish uchun qilgan yurishi muvaffaqiyatsizlikka uchrab, Hisor qam qo’lidan ketgach, Husayn Boyqaro saroyidan panoh topgan va yana saltanat ilinjida Movarounnahrga qaytgan. Vazir Xusravshoh Shohiyni asir olib, ko’ziga mil tortgan. Yana Husayn Boyqaroning ruxsati bilan Xurosonga qaytgan va uning qizlaridan biri — Begim Sultonga uylangan. U keyingi hayotini ijodga bag’ishlagan va Hirot adabiy hayotida faol qatnashgan. 1507 yilda Shayboniyxonning Xurosonga yurishlari vaqtida o’ldirilgan va G’aznada dafn etilgan. Shohiy haqida Alisher Navoiy o’zining “Majolis unnafois” tazkirasining 7-majlisida shunday ta’rif beradi: “Sulton Mas’ud Mirzo — Ravshan zehnlik va mustahsan ta’bliq va pokiza hisol va Mahmud faol yigitdur. Vafo va diljo’yliq aning shiori, Saxo va darveshxo’yliq uning atvori”. Amakivachchasi va qaynisi Zahiriddin Muhammad Bobur ham “Boburnoma”nit bir necha joylarida uni yaxshi xotiralar bilan eslaydi. Tazkiranavis — Faxri Hirotiy (16-asr) “Latoyifnoma” asarida (Alisher Navoiy “Majolis unnafois” tazkirasining forschaga erkin, ijodiy tarjimasi) ta’kidlashicha, u turkiy she’rlarida “Shohiy”, forsiy she’rlarida esa “Orifiy” taxalluslarini qo’llagan va bu ikki tilda alohidaalohida devon tuzgan. Shohiyning turkiy “Devon”i 1140 baytni tashkil qilib, undagi she’rlar g’azal, ruboiy, fard va tarje’band janrlaridadir. Shohiy she’riyatida Navoiy an’analarini davom ettirgan. Navoiy va Husayniy g’azallariga taxmislar, tatabbu’lar bog’lagan. Shohiy turkiy “Devon”ining 2 qo’lyozmasi ma’lum bo’lib, ular (1745; 1776) Hindistonda ko’chirilgan. Bu qo’lyozmalar Londondagi “India ofis” kutubxonasida saqlanadi. Professor A. Abdug’afurov Shohiy “Devon”ini fotonusxa asosida mukammal so’zboshi bilan nashr ettirgan (2001). Otabek Jo’raboev.