Shohnishintepa

Shohnishintepa – arxeologik yodgorlik; atrofi qishloqdan iborat bo’lgan qasrko’shk xarobalari (7-13-asrlar boshi). Toshkentning shimoliy g’arbiy qismi (eski shahar)da Kaykovus anhori bo’yida joylashgan. Rivoyatlarga ko’ra, Turon podshosi Afrosiyob o’z fuqaro vakillarini shu qarorgohda qabul qilgan. Yodgorlik Turkiston arxeologiya havaskorlari to’garagi a’zolari tomonidan qayd etilgan (19-asr oxirlari). 20-asrning 50-yillarida M.E. Masson tomonidan o’rganilgan. 1968-69 yillarda Toshkent arxeologiya ekspedisiyasi tekshirgan. Shohnishintepada tabiiy soz tuproqli do’nglik ustida qad ko’targan ko’shk xarobalari va 7-8-asrlarga mansub madaniy qatlam saqlangan. 9-10-asrlarda ko’shk xarobalari Binkat rabodiga tutashib, shahar mahallako’ylariga birlashib ketgan. Shohnishintepada kulolchilik ustaxona va xumdonlar qoldiqlari qayd etilgan. Binkat rabodining mahallasi sifatida mavjud bo’lgan Shohnishintepa 13-asr boshida vayron etilgan.