Shohrux

Shohrux, amirzoda Shohrux, Mirzo Shohrux, Shohrux Mirzo, Xoqoni Sa’id, Abu Nasr Shohrux Bahodir Sulton (1377.20.8, Samarqand — 1447.19.3, Ray) — Amir Temurning 4-o’g’li, Temuriylar hukmdori. Yoshlik yillari Samarqandda o’tgan, shu yerda dunyoviy va diniy ta’lim olgan. Amir Temur 1390-91 yil Dash ti Qipchoqqa va 1392 yil g’arbiy mamlakatlarga 5 yillik yurishlari chog’ida Shohruxni mamlakatni boshqarishga tayinlab qoldirgan. Ko’p o’tmay, Amir Temur Shohruxni o’z yoniga chaqirib oladi va 17 yoshli Shohrux jangovar harakatlarda qatnasha boshlaydi. Amir Temur uni lashkarning mang’lay va juvang’ar qismlariga tayinlaydi, keyinroq esa, Samarqandga qaytarib, poytaxtni boshqarib turishni topshiradi. Amir Temur 1396 yil Shohruxga Xuroson o’lkasini suyurg’ol qiladi va tegishli qo’shin hamda elat bilan birga uni o’z mulkiga jo’natadi. Shohrux Amir Temurning 7 yillik yurishida, xususan, yaqin Sharqdagi g’arbiy harakatlarda bevosita qatnashgan, lashkarning ilg’or, mang’lay, juvang’ar qismlarini boshqargan; Janglarda shaxsiy dovyuraklik va mahorat namoyish etgan. Uni adolatparvar, raiyat tinchligini ko’zlovchi shaxs sifatida bilganlar; qamalda qolgan shaharlar aholisi aksari hollarda sulh taklifi bilan Shohruxga murojaat qilganlar va u ham o’z yordamini ayamagan. Ba’zi hollarda, Amir Temur Shohruxni lashkarning o’g’ruq qismini qo’riqlashga mutasaddi qilgan. Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”da yozishicha, Amir Temur hayotining keyingi yillarida Shohruxning davlatdorlik sifatlariga alohida e’tibor bergan. Chunonchi, Xitoyga yurishi chog’ida, saltanat xavfsizligini ta’minlash, xususan, g’arbiy o’lkalarni idora etish kabi katta mas’uliyatni Shohrux zimmasiga yuklaydi va uni Xurosonda qoddiradi. Sohibqiron 1391-92 yillar mo’g’ullar bosqini davrida butunlay xarob qilingan Banokat shahri o’rniga yangi shahar barpo etib, u yerga atrof yerlardan aholini ko’chirib obod qiladi hamda uni Shohruxga suyurg’ol qiladi va bu shahar Shohruxiya nomi bilan shuhrat topadi. Amir Temur vafotidan so’ng, 1405 yil martda Shohrux rasmiy ravishda temuriylar saltanati hukmdori sifatida Xuroson taxtiga o’tirdi va o’z nomidan xutba o’qitib, pul (tanga) zarb qildirdi. Shohrux hukmdorligining dastlabki yillarida Temuriylar saltanatida kuchli tarqoqlik yuzaga kelib, saltanatning turli qismlarida yakkahokimlik uchun kurash boshlanib ketdi. Movarounnahrda Samarqand taxtini Xalil Sulton egalladi, Ozarbayjon va Ajam Iroqini Qora Yusuf, Arab Iroqi hududini Sulton Ahmad o’z qo’liga kiritdi. Eron zaminda temuriy shahzodalar o’zaro nizolashardilar, Mozandaron, Balx, G’ur va boshqalar viloyatlarda ham isyonlar yuzaga keldi. Shohrux saltanatda vujudga kelgan nizolar, isyonlar, yakkahokimlik uchun chiqishlarni teran qobiliyati, mahorati, tafakkuri, olib borgan siyosati tufayli birinketin bostirishga muvaffaq bo’ldi. Shohrux o’z hukmdorligi chog’ida temuriylar saltanatining hududiy kengligi, harbiy salohiyati, kuchli iqtisodiy mavqeini saqlashga intildi. Buning uchun Movarounnahr, Eronzamin, Ozarbayjonga yurishlar qilib g’alaba qozondi; 1429 yil Shohrux Ozarbayjonda xavfli kuchga aylangan Amir Iskandar ibn qora Yusuf ustiga deyarli butun saltanati hududidan lashkar yig’ib yurish qiladi. Salmos cho’lida ikkala tomon o’rtasida qattiq jang bo’ladi; Shohrux o’g’illari Mirzo Boysung’urni lashkarning juvang’arini, Ibrohim Sultonni barang’artnk boshqarishga belgilaydi; Muhammad Jo’giyni esa o’ziga tegishli bo’lgan g’ul qismda qoldiradi. Shiddatli jangdan so’ng Shohrux lashkari zafar quchadi. Shohrux Seyiston va Badaxshonga lashkar jo’natib, u erlardagi isyonlarga chek qo’yadi. 1405 yildan 7 yil davomida Xorazmni zabt etib turgan Dashti Qipchoq amirlariga qarshi Shohrux katta lashkar jo’natadi va g’olib kelib, Xorazmni Temuriylar saltanati tarkibiga kiritadi hamda viloyatni boshqarishga sarkarda Amir Shohmaliknn belgilaydi. Shohrux ko’pgina nizolarni sulh yo’li bilan bartaraf qilgan va bunda taniqli davlat arboblari va shayxlar xizmatidan keng foydalangan. Umuman, Shoxrux, hukmronligi davrida Sharqda Mo’g’ulistondan tortib g’arbda Misr va Rum yerlarigacha, Janubda Hindistonning Markaziy qismidan boshlab shimoldan to Dashti Qipchoq chegaralarigacha bo’lgan joylar Temuriylar saltanati tarkibiga kirgan. Saltanatni suyurg’ol tizimi bo’yicha boshqargan; mamlakat hududini o’g’illari, nevaralari, qarindoshlari, xizmat ko’rsatgan sadoqatli amirlariga suyurg’ol qilib bergan. Tarixchi Hofizi Abruning “Zubdat attavorix” asarida yozilishicha, Shoxrux 1443 yil Misr podshosiga elchi yo’llab ka’ba uyiga yopinchiq kiygazishni so’raydi va rozilik oladi. Shu asosda 1444-45 yil ka’bapo’sh tayyorlatib, uni Shayx Nuriddin Muhammad al-Murshidiy va Mavlono Shamsiddin Muhammad Abhariy vositasida Makkaga jo’natadi; ular ka’bapo’shni muqaddas Ka’ba uyiga yopib qaytadilar. Shoxrux podshohlik devonida kundalik ishlarni doim nazorat qilib borgan; qarorlar qabul qilishda kengash va maslahatga keng o’rin ajratgan, ko’pchilik fikrini inobatga olgan holda adolatli hukmlar chiqargan. Shuningdek, devonda diniy va dunyoviy masalalar yuzasidan yetuk allomalar ishtirokida suhbatlar, fiqh, tib, nujum, geografiya, tilshunoslik va boshqalar fan sohalari bo’yicha bahsmunozaralar tashkil qilgan, o’zi ham ularda faol qatnashgan. Shoxrux saltanati hududida bunyodkorlik faoliyati uchun katta imkoniyatlar yuzaga keldi. Shaharsozlik, hunarmandchilik, savdo, dehqonchilik, ilm-fan, madaniyat tez sur’atlar bilan rivojlandi. Shoxrux bunyodkorlik ishlariga, xususan, shaharlar obodonchiligi va sug’orish tizimini rivojlantirishga katta e’tibor qaratib Hirot (1405 yil), Balx (1407 yil) shahrilarini tiklashga oliy Farmon bergan. Chingizxon yurishi chog’ida xarob qilingan (1220 yil) Marv shahri qayta barpo etilib, unga Murg’ob daryosidan ariq qazdirib suv keltirildi. Sug’orish tizimi yaxshilandi, yangi yerlar o’zlashtirildi, ekin maydonlari kengaydi. Shaharlarda hunarmandchilik va savdo rivojlandi, ko’plab madaniy-ma’naviy muassasalar — madrasalar, masjidlar, xonaqohlar qurildi. Shoxrux ilm-fan rivojiga alohida e’tibor berdi. Hirot, Samarqand, Buxoro, Mashhad, Sheroz va boshqalar shaharlarda ilm-fan keng rivoj topdi. Movarounnahrda Mirzo Ulug’bek rasadxona barpo etib aniq fanlar rivojlandi; Naqshbandiya ta’limoti yozma meros tarzida shakllandi va shu yo’nalishda bir qancha asarlar yozildi. Hirot va Sheroz shahrilarida tarixnavislikka katta e’tibor qaratildi. Amir Temur va Temuriylar tarixiga oid bir qancha yirik asarlar yaratildi. Temuriylar saltanatida kitobat va miniatyura san’ati yuksaldi. Hirotda Mirzo Boysung’ur va Sherozda Ibrohim Sulton bu sohalarning rivojiga katta hissa qo’shdilar. Shoxrux hukmronligi davrida Temuriylar saltanatining xalqaro miqyosdagi nufuzi ortdi; davlatlar o’rtasidagi elchilik munosabatlariga Shoxrux juda katta e’tibor bergan. Uning huzuriga Xitoy, Hindiston, Misr, Shom, Rum, Yevropa, Dashti Qipchoq hukmdorlaridan elchilar kelgani va Shoxrux ham o’z elchilarini jo’natgani haqida Temuriylar davri tarixiy manbalarida ma’lumotlar qayd etilgan va ikkita elchilik haqida mukammal kundalik ham yozilgan. 1419-22 yillar Xitoyga borib kelgan safar xotirotlari, unda bevosita qatnashgan G’iyosiddin Naqqoshning kundaligi hamda 144244 yillar Janubiy Hindistonga borib qaytgan elchilarning safar tafsilotlari, uni boshqargan Abdurazzoq Samarqandiyning safarnomasida aks etgan. Shoxruxning elchilar vositasida yo’llagan maktublarida savdo yo’llari xavfsizligini ta’minlash va xalqaro savdosotiqni rivojlantirish alohida ta’kidlangan. Buyuk ipak yo’li orqali savdo va elchilik karvonlari muntazam qatnab turgan. Shoxrux o’zining xalqaro siyosatida davlatlararo tinchtotuvlik va do’stona munosabatlar ta’minlanishini ustuvor yo’nalish deb bilgan. Shoxruxning davlatchilik siyosatida bunyodkorlik ishlariga katta e’tibori natijasida ilm-fan va madaniyat rivojida o’ziga xos uyg’onish (Renessans) bo’ldi va bu 15-asrning 2-yarmida Alisher Navoiy davrida Xurosonda ilm-fanning yuksak rivojlanishi uchun zamin yaratdi. Manbalar: Sharafuddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, T., 1972; Abdurazzoq Samarqandiy, matlai sa’dayn va majmai Bahrayn, T., 1969. Ad.: Asqarov A. va boshqalar, Temur va Ulug’bek davri tarixi., 1996. Omonullo Bo’riyev.