Shojalilovlar

Shojalilovlar — aka-uka xnanda va sozandalar, o’zbek an’anaviy ijrochiligiga katta hissa qo’shgan san’atkorlar. Shojalilov Shoqosim (1909.9.9 — Toshkent — 1984.9.7) — xonanda va sozanda (tanbur), O’zbekiston xalq hofizi (1950). Toshkent musiqa texnikumini tugatgan (1927), O’zbekiston radiosining xalq cholg’ulari ansamblida sozanda va xonanda (1930-73). Shojalilov Shoolim (1921.21.5 Toshkent 1989.29.9) Hofiz va sozanda (tanbur, dutor). O’zbekiston radiosining xalq cholg’ulari ansamblida xonanda (1942-53). Shojalilov Shoakbar (1926.3.2 — Toshkent -1987.3.9) — Hofiz va sozanda (tanbur, tor). Shojalilovlar san’atkorlar oilasidan bo’lib, otasi Shojalil Hofiz, amakisi Sh.Shoumarov, tog’asi To’ychi Hofiz, shuningdek, Yu.Rajabiy, A.Vahobov, A.Haydarov, J.Sultonov, Domla Halim va boshqalardan maqom, ashula va cholg’u yo’llarini o’zlashtirganlar. Shojalilovlar lirik, diapazoni keng ovoz sohiblari bo’lib, hamnafaslik ijro uslubida o’ziga xos samimiylik va shiradorlikka erishgan. Shojalilovlarning ashula va maqom yo’llarini talqin etilishi ovozlar va jo’rnavoz sozlar hamohangligi, jumlalarning maromiga yetkazib aytilishi, milliy xonandalik an’analariga xos bo’lgan sayqal va qochirimlardan mohirona foydalanish, joziba va jo’shqinlik, mumtoz ijro uslubi bilan ajralib turadi. Repertuaridan Farg’ona-Toshkent maqom yo’llari (“Bayot”, “Chorgoh”, “Ushshoq”, “Gulyorshahnoz”, “Toshkent irog’i”), ashula (“ko’cha bog’i — 12”, “Ilg’or”, “Girya”, “Suvora”, “Mu- nojot”, “Eshvoy”, “Naylaram”) va Yalla (“Fig’ondur”, “Hajringda”, “Jonon jamoling”) o’rin olgan. Shojalilovlar ijro etgan maqom va ashula yo’llari O’zbekiston teleradiokompaniyasi fonotekasiga, bir necha gramplastinkaga yozilgan. Rustam Abdullayev.