Sholg’om

Sholg’om— butguldoshlar oilasiga mansub ikki yillik sabzavot o’simligi. Sholg’om O’rta Osiyo, Misr, Gretsiya va Italiyada qadimdan ekiladi. Shuningdek, AQSh, Yaponiya, Hindistonda ko’p tarqalgan. O’zbekistonda ham ko’p yetishtiriladi. Sholg’om birinchi yili bargli poya va ildizmeva hosil qiladi; ikkinchi yili gulpoya chiqarib urug’ beradi. Guli to’rt bo’lakli, shingil to’pgulga yig’ilgan, sariqqizg’ish, chetdan changlanadi. Mevasi qo’zoq, dumaloqyassi, uzunchoq; oq, qizil, binafsha rangda. Urug’i mayda, yumaloq, qoramtir. 1000 dona urugi og’irligi 1-4 gramm. O’zbekistonda iyul avgust boshlarida ekiladi. Urug’i harorati 2-3° li tuproqda unib chiqadi, 18-20° da yaxshi rivojlanadi (bunda urug’ 2-4 kunda to’liq unib chiqadi). Sholg’om namsevar, tuproqunumdorligi va uning mexanik tarkibiga talabchan. Sovuqqa chidamli (—4—5° da zararlanmaydi). Vegetatsiya davri 60-80 kun. Sholg’om ildizmevasi tarkibida efir moylari ko’pligi hamda yengil hazm bo’lishi tufayli yil bo’yi iste’mol qilinadi. Sholg’om inson organizmi uchun zarur bo’lgan askorbin kislota, vitaminlar, kaliy, kaltsiy, fosfor, magniy, temir tuzlari, ferment, fitontsidlarga boy. Sholg’om bargida vitaminlar va askorbin kislota ildizmevasidagidan ko’proq. Urug’i sepilgandan keyin niholi 3-4 chinbarg chiqarganda birinchi marta, 2-4 haftadan so’ng ikkinchi marta yagana qilinadi. O’suv davrida qator oralari yumshatiladi, o’taladi. O’zbekistonda Sholg’omning 3 navi — Namangan Sholg’omi (mahalliy tezpishar), Samarqand Sholg’omi (o’rtapishar), Muyassar (tezpishar) navlari ekiladi. Hosildorligi 110-130 ts/ga. Zararkunandalari: Qiziloyoq qo’ng’iz va Sholg’om oqkapalagi. Kasalliklari: fomoz, fuzarioz va boshqalar Abdulaziz Abbosov.