Sholikorlik instituti

Sholikorlik instituti, O’zbekiston sholikorlik ilmiy tadqiqot instituti — O’rta Osiyoda sholichilik sohasidagi yirik ilmiy markaz. O’zbekiston qishloq va suv xo’jaligi vazirligi huzuridagi qishloq xo’jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi tarkibida. Dastlab R.R.Shreder nomidagi Turkiston qishloq xo’jaligi tajriba stantsiyasi sholichilik bo’limi (1926), 1932 yildan O’zbekiston sholichilik tajriba stansiyasi (Uzros), 1958 yildan Soyuznixining sholi va boshqalar sug’oriladigan don ekinlari bo’limi, 1967 yil dekabrdan O’zbekiston sholikorlik ilmiy tekshirish instituti. Toshkent viloyati O’rta Chirchiq tumanidagi Avangard posyolkasida joylashgan. Institutda 2 bo’lim (selektsiya va agrotexnika), 7 laboratoriya (urug’chilik; o’simliklarni himoya qilish; agrokimyo; o’simliklar fiziologiyasi va biokimyosi; iqtisodiyot; dukkakli don ekinlari; mexanizatsiya), Qoraqalpog’iston (1967), Andijon (1994) filiallari, Xorazm tayanch punkti (1997) faoliyat ko’rsatadi. institut qoshidagi Markaziy tajriba xo’jaligi 183 gektar, Andijon filiali 41,1 gektar, Xorazm tayanch punkti 104,5 gektar haydalma yer maydoniga ega. Institut faoliyatining asosiy yo’nalishlari: sholining kasalliklarga chidamli, mintaqalarning tuproq, iqlim sharoitlariga mos keladigan, sifatli guruch beradigan serhosil (65— 90 ts/ga) nav va duragaylarini yaratish; sholi urug’chiligining ilmiy asoslarini ishlab chiqish; sholi yetishtirishning ilg’or texnologiyasini yaratish va amaliyotga tatbiq qilish; sholi kasalliklari va zararkunandalarga, begona o’tlarga qarshi kurash choratadbirlarining ekologik toza usullarini ishlab chiqish; sholichilikni mexanizatsiyalash; dukkakli don ekinlari (soya, mosh va boshqalar) ning serhosil, kasalliklarga chidamli, ertapishar navlarini yaratish va boshqalar Respublikadagi sholi ekadigan xo’jaliklarga elita urug’ligi yetkazib beradi. Institut olimlari tomonidan sholining Uzros7, Uzros713, Uzros17, Avangard, Nukus2, Qoraqalpog’iston, Lazurnsh, Alanga, Tolmas, Istiqlol, Istiqbol, Jayhun, makkajo’xorining Kremnistaya1, O’zbekiston, qizil sebarganing Uzros73, soyaning O’zbekiston1 va O’zbekiston2, Do’stlik, moshning radost navlari yaratildi va respublikada rayonlashtirildi. Institut faoliyati X.U. O’rmonova, M.P.Sborshchikova, N.I. Kosarev, P. G., Korshenboy, I.I.Uspenskaya, A.E.Shin, R.X.Haydarov, U.I.Yormatov, M.T.Kogay, M.M.Saltas, I.A.Somov, U.M.Mullajonov, P.A. Pulina, T.Boboniyozov, T.E.Ishoqov, S.Rixsieva, U. Abilbaev, G’.N. Rahimov, Z.N.Jumanov va boshqalar olimlarning nomlari bilan bog’liq. Institutda yaratilgan Nukus2 sholi navi mualliflari (P.A.Pulina, T.Boboniyozov, S.Rixsieva) Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo’lganlar (1989). Institutda ilmiy kutubxona, aspirantura, ilmiy kengash mavjud. Ilmiy ishlar to’plami, ilmiy maqolalar nashr etadi. G’iyos Rahimov.