Sholom Aleyxem

Sholom Aleyxem (taxallusi; asl nomi Sholom Noxumovich Rabinovich) [1859.18.2(2.3), Ukraina, Pereyaslav shahri — 1916.13.6, Nyu-York] — yahudiy yozuvchisi. Asosan, Rossiyada, 1914 yildan AQShda yashagan. Ivrit, idish va rus tillarida yozgan. Ijodining ilk davrida rus va yahudiy adabiyotlaridagi demokratik an’analarga ergashgan. Asarlarida chor Rossiyasidagi yahudiylar hayoti, yahudiy doiralarining boylikka ega bo’la borishi (kapitallashuvi) aks etgan (“Sender Blank va uning oilasi” romani, 1887); yorqin milliy obrazlar silsilasi yaratilgan, bular: o’z xom-xayollari va boyish istagi qurboni bo’lgan ishbilarmon (“Menaxem Mendl” novellalar turkumi, 1892), halol mehnatkash, beg’ambetashvish xalq faylasufi (“Sutchi teve” novellalar turkumi,. 1894-1914), chor Rossiyasidagi oddiy ijodkor shaxs va AQShdagi yahudiy muhojirlari taqdiri [“bulbul Iosele” (1889) va “adashgan yulduzlar” (1909-11) romanlari], AQShga ko’chib ketayotgan kambag’allar (“bolakay Motl” qissasi, 1907-16) va boshqalar “to’fon” romani (1906) 1905 yildagi inqilobiy voqealar haqida, “qonli hazil” romani (1913) esa Beylis ishi (nohaq ayblangan yahudiy ustidan sud jarayoni)ga javob tariqasida yozilgan. Umrining oxirgi yillarida yoza boshlagan “yarmarkadan” romani tugallanmay qolgan. Sholom Aleyxem ijodida yumor va lirizm uyg’unlashib ketgan, aniq ruhiy va maishiy tafsilotlar, demokratik nuqtai nazar yorqin aks etgan.