Sho’rchi neft-gaz koni
Sho’rchi neft-gaz koni – Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi kon. Qorovulbozor temir yo’l stantsiyasidan 55 kilometr shimoli sharqda. 1964 yilda ochilgan va o’sha yili foydalanishga topshirilgan. Kon relefi tekislikdan iborat, 257-368 metr balandlikda joylashgan. Sho’rchi maydoni Kogon ko’tarilmasi halqasining ichki qismida bo’lib, shimoliy Sharqiy yo’nalishda cho’zilgan asimmetrik braxiantiklinal burmadan iborat. Struktura janda Okjar, shimoli g’arbda Qoraiz burmalari bilan chegaralangan, ular oralig’ida sinklinal egilmalar mavjud. 12-gorizont shipi bo’yicha burma o’lchami 7×3 kilometr, balandligi 120 metr. Sho’rchi neft-gaz konida jami 28 ta quduq qazilgan bo’lib, yura, bo’r, paleogen va neogen davri jinslari ochilgan. Kon ko’p qatlamli konlar turkumiga mansub. Sanoat miqyosidagi neftgazlilik bo’r davrining 13-gorizontida (gaz uyumi) va yuqori yura davrining 15 va 16-gorizontlarida (gaz va neft uyumi) aniqlangan. 13-gorizont qumtoshlardan tarkib topgan, qalinligi 66-89 metr. 15-gorizont 690-760 metr chuqurlikda ochilgan. Kelloveyoksford yarusining qumtoshlari va ohaktoshlaridan tuzilgan. Qalinligi 31-49 metr, foydali qalinligi 2,8—4,5 metr, g’ovakliligi 18%. Gazneft uyumi qatlamli, gumbazli, tektonik to’silgan tipga mansub. 16-gorizont kelloveyoksford yarusining pastki qismida joylashgan bo’lib, gil va gravelit qatlari bilan navbatlangan qumtoshlardan tashkil topgan. Hozirgi kunda kondan foydalanilmoqda.