Sho’rtan gaz-kondensat koni
Sho’rtan gaz-kondensat koni — Qashqadaryo viloyatidagi kon. Qarshi shahridan 40 kilometr Janubi Sharqda. 1974 yilda ochilgan. Chorjo’y tektonik pog’onasiga tegishli Beshkent egilmasida braxiantiklinal ko’rinishidagi Sho’rtan strukturasida joylashgan. Yuqori yura davrining kelloveyoksford yotqiziqlari mahsuldor hisoblanadi. Gazkondensat 15NR, 15R va 15PR gorizontlarida ochilgan. Gorizontlar kulrang ohaktoshlardan hamda zichlashgan, darzli, dolomitlashgan ohaktoshlardan iborat, qalinligi 316-542 metr. Gazli qismining foydali qalinligi 118 metr. Gaz uyumidan yuqorida joylashgan qalinligi 341-546 metr bo’lgan kimerijtiton tuz jinslari regional qopqoq vazifasini o’taydi. Mahsuldor qatlam 2735-3170 metr chuqurlikda yotadi. Suv tarkibi xlorkaltsiyli, minerallashganligi 122,1 — 129,0 g/l. 1999 yilgacha olingan tabiiy gaz miqdori 245,2 milliard m3, gaz kondensati 12,4 million tonna. Kondagi gazda etan miqdori yuqori, gazni qayta ishlab, bu qimmatbaho elementni ajratib olish maqsadga muvofiq. Etan polimer, kauchuk, bo’yoq va doridarmonlar olishda asosiy xom ashyo hisoblanadi. Sho’rtan gazidan ajratib olingan etanni qayta ishlab, polietilen olish maqsadida Sho’rtan gazkimyo majmuasi bunyod etildi.