Sho’rto’g’oy
Sho’rto’g’oy, Sho’rto’qay jez davriga oid arxeologik yodgorlik. 6 ta alohida joylashgan tepaliklardan iborat. Shimoliy Afg’onistonda, Ko’kcha daryosining Amudaryoga quyilish joyida, Amudaryoning chap qirg’og’ida joylashgan. Yodgorlikda 1975-76 yillarda frantsuz arxeologlari (B. Lion, A.P. Frankfor, M.N. Pot- Tie) ilk bor arxeologik tadqiqotlar o’tkazganlar. Yodgorlikka mansub 2 ta tepalikdagina (150*50 metr; 200×50 metr) qazishmalar olib borilgan. Qolgan tepaliklar to’liq o’rganib chiqilmagan. Moddiy topilmalar (sopol idishlar bo’laklari, taqinchoqlar, o’q uchlari va boshqalar) va inshootlar qoldiqlari Sho’rto’g’oy makoni shimoliy Hindistondagi Xarappa madaniyati vakillari tomonidan barpo etilganligini ko’rsatdi. Sho’rto’g’oy makoni miloddan avvalgi 3-ming yillik oxiri — 2-ming yilliklarda xarappaliklarning O’rta Osiyoning turli hududi bilan bo’lgan iqtisodiymadaniy aloqalarida muhim oraliq punkti vazifasini bajargan. Xususan, bu yodgorlik orqali tranzit ahamiyatga ega bo’lgan muhim yo’llar o’tgan. Sho’rto’g’oy orqali Badaxshondagi lojuvard konlari mahsulotlari shim. Hindistonga yetkazib berilgan. Jez davrida Zarafshon daryosining yuqori oqimida, Panjikent yaqinida joylashgan Sarazm, Zarafshon vohasidagi Qarnob konlari, Janubiy O’zbekistondagi Sopolli va boshqalar makonlarni shimoliy Hindiston bilan bog’lovchi asosiy aloqa yo’li Sho’rto’g’oy orqali o’tgan. Bu makon orqali Amudaryoning chap qirgog’i bo’ylab quyi Zarafshon vohasi va Amudaryoning quyi oqimiga qarab ketuvchi yo’l ham o’tgan. Sho’rto’g’oyning yuqori madaniy qatlamlaridan jez davri dasht madaniyatiga mansub moddiy topilmalar topilgan. Ularga asoslanib Sho’rto’g’oy makoni miloddan avvalgi 2-ming yillik o’rtalariga kelib mahalliy chorvador qabilalar ta’siriga tushganligi haqida fikr yuritish mumkin. Ad.: Rtveladze E. V., Velikiy shelkoviy put, T., 1999. O’ktam Mavlonov.