Shovot

Shovot — Xorazm viloyati Shovot tumanidagi shaharcha (1972 yildan), tuman markazi. Shovot kanalining chap sohilida. Viloyat markazi (Urganch shahri)dan 40 kilometr shimoli g’arbda, temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 15,8 ming kishi (2004). 1681 yilda eski Vadoq kanali o’rnida yangi Shohobod (Shovot) kanalining bar- po etilishi munosabati bilan Xiva xoni Anushaxon Abulg’oziy Bahodirxon o’g’li tomonidan asos solingan va nomini ushbu kanal (Shohobod, shevada Shovot) nomidan olgan. Shovotda paxta tozalash, g’isht, podshipnik zavodlari, ip-yigiruv fabrikasi, un, maishiy xizmat ko’rsatish kombinatlari, avtokorxona va boshqalar joylashgan. Mustaqillik yillarida 10 ta yirik (charm ishlab chiqarish, temirbeton, “Binokor” maishiy xizmat ko’rsatish, “Istiqbol”, “O’zbekiston” va boshqalar) korxona ishga tushirildi. “Semurg'”, O’zbekiston — Germaniya “Shovotteks” qo’shma korxonalari faoliyat ko’rsatadi. Shaharchada 6 umumiy ta’lim maktabi, 4 kasb-hunar kolleji, Komiljon Otaniyozov nomidagi madaniyat va istirohat bog’i, Markaziy kutubxona, 3 ashula va raqs xalq dastasi, 1 musiqa maktabi, 3 bolalar kutubxonasi, “Shohobod” Markaziy stadioni, 22 tibbiy xizmat ko’rsatish muassasasi mavjud. Markaziy kasalxona (570 o’rin), 3 poliklinika, 7 dorixona faoliyat ko’rsatadi. Shovot Turkmanistonning Toshhovuz, Qoraqalpog’istonning Mang’it, Nukus, Xo’jayli, Qo’ng’irot shaharlari bilan avtomobil va temir yo’llari orqali bog’langan Shovot — Toshkent poyezdi yurib turibdi. Shovotdan viloyat markazi Urganchga avtobus qatnaydi. Ad.: Abulg’oziy Bahodirxon, Shajarai turk, T., 1991; Xorazm tarixi, Urganch, 1995.