Shubert Frans Peter

Shubert Frans Peter (1797.31.1, Lixtental, Vena yaqinida — 1828.19.11, Vena) — Avstriya kompozitori, musiqiy romantizmning ilk yirik namoyandalaridan. Qo’shiq (romans), simfoniya va fortepiano miniatyuralarining yangi romantik turini yaratgan. Oddiy kishilar his-tuyg’ularini aks etgan, chuqur lirizm bilan sug’orilgan Shubert ijodi badiiy obrazlar samimiyligi, ifoda vositalari soddaligi, xalq va ommaviy janrlar (raqs, qo’shiq va boshqalar)ga yaqinligi, musiqa tili ohangdorligi bilan ajralib turadi. Deyarli barcha janrlarga murojaat qilgan Shubert qo’shiq (romans) janriga alohida ahamiyat bergan (600 dan ortiq qo’shiq, shu jumladan, Gyote, Shiller, Geyne she’rlariga musiqa, Myuller asarlari asosida “go’zal tegirmonchi qiz”, “Qish yo’li” turkumlari va boshqalar). U, shuningdek, operalar, simfoniyalar, kamer ansambllar (“forel” nomli fortepiano kvinteti, 1819, 14 torli kvarteti, trio, kvintet va boshqalar), fortepiano asarlari (sonatalar, valslar, ekspromtlar, “darbadar” fantaziyasi, 1822) va boshqalar yaratgan. So’nggi asarlarida dramatik, hatto fojiaviy mavzular ko’proq o’rin olgan. 9 (“katta”) simfoniyasida (1828) xalq epik obrazlari tarannum etilgan. La.Kremnev B.G., Shubert(hayoti va ijodi), T., 1973.