Shuhratparastlik
Shuhratparastlik – shon- shuhrat ketidan quvishda namoyon bo’ladigan axloqiy illat. Shuhratparast inson doimo atrofdagilar va jamiyat diqqat markazida turishga, soxta obro’ qozonishga, mashhurlikka intiladi. O’zini boshqalardan baland tutishga harakat qiladi. Bu hol oqibatda uni jamiyatning axloqiy talablari bilan, individ sifatidagi o’z biologik va ma’naviy-intellektual imkoniyatlari bilan mutlaqo hisoblashmaydigan ijtimoiy nafs bandasiga aylantirib qo’yadi. Natijada u mavjud voqelikni, atrofdagilarning o’ziga bo’lgan asl munosabatini haqiqiy baholay olmaydi, hayotdagi o’z insoniy vazifasini bajarmay qo’yadi. Manman, maqtanchoq kishiga aylanadi. Faqat nom chiqarishni o’ylaydi. Shuhratparastlik “kasali”ga mubtalo bo’lgan inson timsoli sifatida Gerostrat tilga olinadi. U miloddan avvalgi 356 yilda tarixda nomi qolishi va abadiy shuhrat qozonish uchun olamning 7 mo’jizasidan biri — Efes shahridagi Artemida ibodatxonasiga o’t qo’ygan. Hozirgacha uning nomi taajjub, hayrat va ayni paytda nafrat va la’nat bilan tilga olinadi.