Shukurov Ahmadjon

Shukurov Ahmadjon (1949.26.2, hozirgi Peshku tumani) — xonanda, O’zbekiston (1992) va Qoraqalpog’iston (1993) xalq artisti. Buxoro pedagogika institutini tugatgan (1973). Ilk san’at saboqlarini otasi shoir shukur Aziziydan olgan. Keyinchalik unga F.To’rayev, O.Atoyev, F.Umarov, K. Otaniyozovlar ustozlik qilishgan. O’zbek davlat filarmoniyasi (1970-73), O’zteleradioqo’mitasining xor jamoasi (1973-77), “Bahor” ansambli (1977-86) yakkaxon xonandasi, “Zarafshon” ansambli tashkilotchilaridan va birinchi badiiy rahbari (1986-98), Buxoro teatri direktori va badiiy rahbari (1998— 2002), O’zteleradiokompaniyasining “Ma’naviyat” studiyasi katta muharriri (2002 yildan). Jozibali, mayin ovoz sohibi. Buxoro—Samarqand xonandalik maktabi vakili. Repertuaridan o’zbek mumtoz (“Nasri Uzzol”, “Guluzorim”, “Chorzarb” va boshqalar) va xalq (mavrigi turkumlari, jumladan, “Saraxbori Javoni” va boshqalar), shuningdek, o’zi bastalagan (“o’rtadi”, Husayn Boyqaro she’ri; “Laziz”, Huvaydo; “gulgul”, Xolis; “Tanlaganim”, N.Narzullaev va boshqalar) ashula va qo’shiqlari o’rin olgan. Shukurov, shuningdek, raqsbop qo’shiq (“Biyo yor”, “ayting”) va raqs quylari (“Buxorocha tarona” va boshqalar), “Malikai Buxorxudot” musiqali drama muallifi. Ijrolari 3 gramplastinka (“Chorzarb”, 1971; “Bahorim”, 1980; “Nozligim”, 1985) ga yozilgan.