Shumanay

Shumanay — Qoraqalpog’iston Respublikasi Shumanay tumanidagi shahar, tuman markazi. Nukusdan 90 kilometr. Yaqin temir yo’l stantsiyasi —Qorabayli (22 kilometr). Aholisi 12,4 ming kishi (2003). Aholisi va xo’jaliklari Shumanay kanalidan suv oladi. Mahalliy tarixchilarning ma’lumotlariga ko’ra, Shumanay Amudaryo Kaspiy dengiziga quyilib turgan paytlarida va undan keyingi, Aybuyir (Jampiqqal’a) etagi orqali Orol dengiziga quyilgan davrlarda bir qadar yirik aholi punkti bo’lgan. Amudaryo o’zanini o’zgartirgandan keyin Shumanay hududi cho’lga aylangan va bir asrga yaqin qalin changalzor bo’lib yotgan. 1940 yillarning boshidan Shumanay hududiga hoz. Navoiy viloyatining Tomdi, Qoraqalpog’istonning Xo’jayli tumanlaridan yeri unumsiz bo’lib qolgan qishloqlar aholisi, qo’ychilik bilan shug’ullanuvchi chorvadorlar ko’chib kelishgan. Shumanayda “Shumanay momig’i” aktsiyadorlik jamiyatiga qarashli paxta tozalash zavodi, g’isht zavodi, xo’jaliklararo ko’chma mexanizatsiyalashgan kolonna, qurilish-ta’mirlash bo’linmasi, qishloq qurilishta’mirlash korxonasi bor. avtokorxona, MTP, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari ishlab turibdi. Umumiyta’lim, bolalar musiqa, sport maktablari, 2 kasb-hunar kolleji, Bioekosan markazi, kasb-hunar o’rganish markazi mavjud. Madaniyat saroyi, markaziy kutubxona va uning tarmoqlari, sport majmuasi va boshqalar sport inshootlari bor. Markaziy tuman kasalxonasi va uning bo’limlari, poliklinika va boshqalar tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi.