SIYOSIY HARAKAT
SIYOSIY HARAKAT — siyosiy faoliyat shakli. U siyosiy manfaatlarni amalga oshirish va siyosiy munosabatlarni unga muvofiqlashtirishni maqsad qilib qo’yadi. U tugal tashkilot tuzilmalariga va qayd etiluvchi a‘zolikka ega bo’lmasligi, aniq dasturga asoslanmasligi, rahbar organlarining nihoyatda demokratikligiga asoslanishi mumkin. Siyosiy harakatlarning ijtimoiy negizi avvalo XIX asr birinchi va ikkinchi yarmida mehnatkashlar ommasi ahvolining iqtisodiy jihatdan tobora og’irlashishi natijasida yuzaga kelib, ishsizlar sonining o’sishiga sabab bo’ldi. Natijada kapitalizm vujudga keltirgan zulm va ekspluatatsiyaga qarshi ommaviy noroziliklar kuchaydi. Bu harakatga 1864-yilda tuzilgan I Internatsional (1864–1876) nazariy va tashkiliy jihatdan boshchilik qildi. Siyosiy harakatlarning konservativ, reformistik, revolyutsion, konrrevolyutsion turlari mavjud: Konservativ (lot. himoya qilish, saqlash) oqim – burjua sinfi qarashlarini o’zida jamladi, xalq ozodligi va progressiv g’oyalarga qarshi chiqdi. Reformistik Siyosiy harakat – ishchilar orasidagi siyosiy oqim bo’lib, farovon jamiyatga olib boradigan islohotlar yo’lini qo’llab-quvvatladi. Revolyutsion Siyosiy harakat – burjua jamiyatini faqat sinfiy kurash orqali yo’qotib, uning o’rniga proletariat diktaturasi o’rnatishni maqsad qilib qo’ydi. Kontrrevolyusion Siyosiy harakat – bu inqilobga zid fitna, suiqasd, fuqarolar urushi, sabotaj aktlari, qo’poruvchilik bilan kurash olib bordi. Siyosiy harakatlar iqtisodiy, siyosiy va mafkuraviy kurash shaklida namoyon bo’lishi mumkin.