SIYOSIY KURASH

SIYOSIY KURASH — siyosiy sub‘yektlar manfaatlarining muayan siyosiy natijalarga erishish yo’lida qarama-qarshiligi holati. Siyosiy kurash shakllari turlicha: manfaatlar to’qnashuvi murosasiz tus olganida va tomonlar radikal choralar va vositalar yordamida jamiyatda tub o’zgarishlar sodir etishni maqsad qilib qo’yganlarida u inqilobiy tus oladi. Bunday kurash ―o’yin qoidalarining qo’pol buzilishi, natijalarni avvaldan bashorat qilib bo’lmaslik muhitida, fuqarolar uchun og’ir oqibatlar bilan kechadi. Ijtimoiy-siyosiy sub‘yektlarning manfaatlari bosqichma-bosqich, zo’rlikka tayanmasdan, konsensus vositasida amalga oshirilganida siyosiy kurash islohotchilik tabiatiga ega bo’ladi. Uning oqibatlarini oldindan ko’ra bilish oson. Siyosiy inqirozlar, urushlar, qo’zg’olonlar, fitnalar, isyonlar ham siyosiy kurash shakllaridir. Siyosiy kurash siyosiy partiyalar o’rtasida o’z elektoratini kengaytirish uchun, siyosiy yetakchilar o’rtasida ta‘sir doirasini kengaytirish uchun, qonunchilik va ijro organlari vakillari o’rtasida hokimiyatga doir vakolatlarini kengaytirish uchun va hokazolar olib borilishi mumkin. Siyosiy kurash partiya ichida, davlat ichida, davlatlar o’rtasida va boshqa o’xshash hollarda ham kechishi mumkin.