SODIRXON HOFIZ BOBOSHARIFOV

SODIRXON HOFIZ BOBOSHARIFOV (1847 — Xo’jand — 1931) — Hofiz, sozanda, bastakor. Poshsho Oxun hamda Said Buzrukxo’jalar qo’lida tarbiyalanib, xonandalik, sozandalik hamda maqom sirlarini o’zlashtirgan. 20 yoshida xonaqoi Hofiz maqomiga muyassar bo’ldi. Farg’ona vodiysi, xususan Qo’qon xonaqoxlarida faoliyat ko’rsatdi. Erkaqori, Madumar Hofiz, sozandatar — Karimqulbegi, Ismoil naychi, Domla Halim va Hojiabdulazizlar bilan yaqindan ijodiy hamkorlik qilgan. Sodirxon Hofiz “Sar-naqshchi”, “masnaviyxon” sifatida ham tanilgan. Shashmaqom zaminidagi o’ziga xos maqom yo’llari talqini va unga asoslangan bastakorlik maktabini yaratgan; 20 dan ortiq asarlar ijod qilgan: “Ush-shoqi Sodirxon”, “Talqinchai Qashqarchai Ushshoqi Sodirxon”, “Segoh” I—V turkumi, “Savti Chorgoh Munojoti”, “Shahnoz”. “Sinaxurush” va boshqalar.