SOLIQ TUSHUMLARINI BASHORATLASH (PROGNOZLASHTIRISH)

SOLIQ TUSHUMLARINI BASHORATLASH (PROGNOZLASHTIRISH) – aniq va miqdoriy jihatdan aniqlangan shaklda soliq tushumlarining hajmiga ta’sir kо’rsatuvchi obyektiv va subyektiv omillarni oldindan ko’rish va bilish instrumenti. Soliq tushumlarini bashoratlash perspektiv xarakterdagi tadqiqot hisoblanib, uni ishlab chiqishda (yaratishda) real iqtisodiy shartlar va jarayonlar hisobga olinishiga qaramasdan u ehtimollik, dastlabkilik xarakteriga egadir. Mamlakat yoki aniq bir mintaqa iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishining kompleks dasturi bashoratlashning asosidir. Shu bilan birgalikda bunda sodir bo’lishi mumkin bo’lgan cheklanish (og’ish)lar, hukmron tendensiya (oqim)lar va ularni farq qilish sohalarini aniqlashga ham e’tibor bermoq lozim. Bashoratlash shoshilinch (operativ, bir oygacha), qisqa muddatli (bir yilgacha), o‘rta muddatli (besh yilgacha) va uzoq muddatli (besh yildan ortiq) kabi turlarga bo’linishi mumkin. Xilma-xil davriy gorizontlarga (ufqlarga) ega bo’lgan istiqbolni belgilashning (bashoratlashning) mazmuni istiqboli belgilanayotgan jarayonlarning tabiati bilan belgilanadi: qanchalik barqarorlik bo’lsa, bashoratlash gorizonti (ufqi) shunchalik keng bo’ladi. Bashoratlash hisob-kitob qilinayotganda o’tgan davrlarda soliqlarning qanchalik tushib turganligini xarakterlaydigan haqiqatdagi dinamik qatorlar ham hisobga olinishi kerak.