SOLIQQA TORTISH PRINSIPLARI (TAMOYILLARI)

SOLIQQA TORTISH PRINSIPLARI (TAMOYILLARI) – soliq siyosatini amalga oshirishni belgilab beradigan va soliqlar bo’yicha budjet topshiriqlarini tuzish orqali realizatsiya qilinadigan mustahkam o’rnashib qolgan qoidalar yig’indisi. Ularning eng muhimlari qatoriga quyidagilar kiradi: l) adolatlilik. Bu prinsip fuqarolar o’rtasida ularning daromadlariga mos ravishda soliqlarning bir tekis taqsimlanishini va soliqqa tortishning hammaga (eng umumiyligini) tegishli ekanligini taqozo etadi; 2) aniqlilik. Bu prinsip soliqning summasi, uni hisoblash tartibi (uslubi) va to’lov vaqti soliq to’lovchiga oldindan aniq ma’lum bo’lishi kerakligini talab qiladi; 3) qulaylilik. Bu prinsip soliq to’lovchilar uchun soliqning olinish uslubi (tartibi) va vaqti eng qulay bo’lishi kerakligini anglatadi; 4) iqtisod qilish, tejab-tergash. Bu prinsipning mazmuni soliqqa tortish tizimini oqilonalashtirish va soliqlarni undirish xarajatlarini kamaytirishdan iboratdir. Vaqt o’tishi bilan soliqqa tortishning bu prinsiplari qatoriga soliqlarning harakatchanligi va yetarliligini ta’minlash (davlatning obyektiv ehtiyojlari va imkoniyatlariga muvofiq soliq oshirilishi yoki qisqartirilishi (kamaytirilishi) mumkin), soliqqa tortishning zaruriy manbasi va obyektini tanlash, soliqqa tortishning bir martaliligi kabi prinsiplar ham qo’shildi.