Somoniylarning yuksalishida Samarqandning roli

Movarounnahr territoriyasida markazlashgan davlat tuzishga bo’lgan urinish Somoniylarning dastlabki avlodi Samarqandning birinchi hokimi No’h ibn Asad davridayoq boshlangan edi. No’h ibn Asad davridayoq boshlangan edi. No’h Asad ibn Somon xudodning katta o’g’li bo’lib, ukalari – Farg’ona hokimi Ahmad ibn Asad va Shosh hokimi Yahyo ibn Asad ustidan hukmronlik qilar edi. Shunday qilib, Samarqand IX asrning 20-yillaridan boshlab Somoniylar davlatining poytaxti bo’lib qoldi. No’h ibn Asad Movarounnahrni ko’chmanchi feodallarning hujumidam doimo himoya qilib turishga majbur bo’ldi.

Usrushonlik podsholar yemirilganidan so’ng (838-839) u Koson va O’rast shaharlarini, 840 yilda esa Isfijobni o’z yerlariga qo’shib olib, u yerdagi bog’u rog’lar va ekinzorlarni ko’chmanchilarning hujumidan himoya qilish uchun chegara istehkomini barpo etdi.

Mirhondning yozishicha, No’h ibn Asadning vafotidan keyin (814 yil) Samarqand va So’g’d aka-uka Yahyo bilan Ahmadga berildi. Gardiziyning so’zlariga qaraganda, Ahmad ibn Asad juda qobiliyatli, o’z maqsadlari yo’lida vaziyatdan mohirlik bilan foydalana oladigan kishi bo’lgan. Ahmadning bir necha o’g’li (Nasr, Yoqub, Asad, Ismoil, Isxoq va Hamid) bo’lib, ularga har tomonlama homiylik qilgan. Ahmad shunga erishdiki, Xuroson noibi (830-844) Abdulla ibn Tohir o’g’li Nasrni Samarqand hokimi qilib tayinladi.

Yahyo ibn Asad 855 yilda vafot etdi, Ahmad ibn Asad esa Shosh va Usrushon yerlarini o’z qo’liga olib, o’zining boshqa o’g’li Yoqub ibn Ahmadni o’sha yili bu yerga yubordi.

Shunday qilib, Ahmad ibn Asad o’z hukmronligi oxiriga kelib Buxoro hokimligidan tashqari, butun Movarounnahr yerlarini birlashtira oldi. Ahmad, keyinchalik esa uning o’g’li Nasr xuddi No’h ibn Asad singari ko’chmanchilarning halokatli hujumlaridan saqlanish uchun davlatning sharqiy chegaralarini doimo mustahkamladi. Nasr ibn Ahmadning Shavgarga va uning ukasi Ismoilning Tarozga qilgan yurishlari bunga yordam berdi.

Asadning 817 yilda Hirot hokimi bo’lgan to’rtinchi o’g’li Ilyos 856/857 yillarda vafot etdi. Ammo uning avlodlari, V.V.Bartold fikricha, Hirot hokimi sifatida qayd etilmaydi. Biroq Ilyosning avlodlari Tohiriylar sulolasi inqirozga yuz tutganiga qadar ular xizmatida bo’lgan. Somoniy Ibrohim ibn Ilyos ibn Asadning nomi xorijiylarga qarshi olib borilgan kurashda bir necha marta eslatib o’tiladi. U Muhammad ibn Tohir (863-873 yillar) huzurida sipohsolar bo’lgan va Yoqub ibn Laysga qarshi olib borilgan jangda qo’shinlarga qo’mondonlik qilgan, 873 yili u Muhammad ibn Tohir bilan birga asirga olingan. Tohiriylar Xuroson ustidan hukmronlik qila olmay qoldi.

Tohiriylar IX asrning 70-yillariga kelib aslida Somoniylar ustidan hukmronlikni qo’ldan boy berib qo’ydi, har holda Tohiriylarning Somoniylar davlatining ichki ishlariga aralalashganligi to’g’risida manbalarda ma’lumot yo’q.

Faqat Buxoro Somoniylar davlatiga qo’shilmay qolgan edi. Tohiriylardan oxirgisi bo’lgan Husayn ibn Tohir 874 yilning yanvar-fevral oylarida ikki ming xorazmlikka bosh bo’lib, Xurosondan keldi va Buxoroga hujum qildi. Shahar aholisi besh kun davomida ularga qarshilik ko’rsatdi, ammo Husayn shaharni bosib oldi va aholining gunohidan o’tdi. Lekin ular uy-uylariga tarqalishi bilanoq xorazmliklar shaharda xiroj yig’ish bahonasi bilan talashni yana boshlab yubordi. Yillik xiroj gitrifiy dirhami hisobida to’plandi. Husayn esa ana shu dirhamlarni kumush tangalarga almashtirishni istar edi. Xorazmlik jangchilar beboshlik qilishni davom ettirdi, shaharning uchdan bir qismi yonib ketdi. Yana qo’zg’olon boshlandi. Husayn qal’aga qamalib, to’plangan pullarni ham qoldirib, kechasi yashirin holda Buxorodan chiqib ketdi. Qo’zg’olonchilar qal’ani taladilar.

Husaynning jo’nab ketishi bilan Tohiriylarning Buxorodagi hukmronligi tugadi. Aftidan, Husayn Buxorodan ketganidan keyin shahar xorijiy qo’zg’olonchi amir Husayn ibn Muhammad al-Xavarijiyning qo’liga o’tgan bo’lsa kerak. U Yoqub ibn Laysning harbiy boshliqlaridan biri edi. O’sha vaqtda qaroqchilik va talonchilik bilan shug’ullangan va xonavayron bo’lgan dehqonlardan tashkil topgan g’oziylar otryadining harakati Buxoro atroflarida yanada kuchayib ketdi.

Shaharning yuqori martabali amaldorlari qonunshunos Abu Hafsning o’g’li Abu Abdulla bilan maslahatlashib, Samarqand va Farg’ona hokimi Nasr ibn Ahmaddan Buxoroni o’z homiyligiga olishni iltimos qildilar. Somoniylar boshlig’i Nasr ibn Ahmad 849 yilda Farg’onada tug’ilgan ukasi Ismoil ibn Ahmadni 874 yilda Buxoroga hokim qilib tayinladi. Ismoil ozgina qo’shin bilan Karmana shahriga yetib keldi va o’z elchilarini Buxoro amiri Husayn ibn Muhammad al-Xavarijiy huzuriga yubordi. Abu Abdulla 874 yil 23 iyunida, juma kuni Buxoroning yuqori martabali kishilari bilan birgalikda Ismoilga peshvoz chiqdi va uni tabrikladi. Ismoil Buxoro amiri bo’lib qoldi, Husayn ibn Muhammad al-Xavarijiy esa uning o’rinbosari etib tayinlandi. Xutbani Yoqub ibn Laysning nomi bilan emas, balki Nasr ibn Ahmadning nomi bilan o’qishlari kerak edi. Husayn va uning jangchilari qasamyod qilganlaridan keyingina Ismoil Buxoroga kirib bordi. Uning kelishi munosabati bilan Abu Abdullaning buyrug’iga asosan shahar chiroyli qilib bezatilgan edi. Biroq tantanali kutib olish Ismoil hokimiyatini hamma bir xilda kutib olganligini bildirmasdi. Ismoilning ahvoli og’ir edi: akasi unga ishonmas va shuning uchun uning ishonchini qozonish kerak edi, chunki uning yordamisiz Husayn ibn Muhammad ustidan g’alaba qozonish, dehqonlarning Buxoro atrofidagi g’alayon va talonchilik harakatlarini bostirish mumkin emas edi.

Ismoil og’ir ahvoldan ustalik bilan qutuldi. Abu Abdullarning va Buxoroning boshqa yuqori martabali zodagonlarining qo’llab-qivvatlashi bilan u o’z yordamchisidan xalos bo’ldi, uni zindonga tashladi.

Ismoil samarqandlik zodagonalarning madadiga umid bog’lab, yirik feodal Husayn ibn A’loni shahar va qishloq kambag’allari otryadlarini (4000 kishiga yaqin) tugatishga ko’ndirdi. Ular o’zlariga oziq-ovqat qidirib, Romiton bilan Barkad o’rtasida talonchilik ishlari bilan shug’ullanar edilar. Mahalliy yirik feodallarning kuchi bilan bu otryadlar tor-mor qilindi, ularning asir olingan boshliqlari esa Samarqandga-Ismoilning akasi huzuriga jo’natildi.

Ismoil Buxoro tevarak-atrofidagi aholining qo’zg’olonini endigina bostirgan ham ediki, Husayn ibn Tohir Buxoroni bosib olishga urinib, yana Amudaryodan kechib o’tdi. Ismoil Buxoro aholisini shaharni mudofaa qilishga otlanishga chaqirdi va uncha katta bo’lmagan otryad to’plab, uning yo’lini to’sdi. Husayn tor-mor qilindi va yana Xurosonga uloqtirib tashlandi. Ertasi kuni ertalab Ismoil asirga tushganlarga to’nlar hadya etib, ularni uy-uylariga qo’yib yubordi.

Ismoilning Buxoroda hokimiyatni mustahkamlashga bo’lgan intilishi yirik feodal zodagonlarning qarshiligiga uchradi. Ismoil bir gruppa nufuzli zodagonlarni to’plab, o’z gunohini kechirishini iltimos qilib, ularni akasi Nasr huzuriga yubordi. Elchilar Samarqandga kelishgach, No’h ibn Ahmad ularni qamab qo’ydi, chunki Ismoil yashirin tarzda ana shunday iltimos bilan unga murojaat qilgan edi. Ismoilning o’zi esa zodagonlarning yo’qligidan foydalanib, Buxoroda o’z hokimiyatini mustahkamlab oldi, keyinchalik esa akasidan ularni qo’yib yuborishni iltimos qildi. Ismoil hiyla ishlatib, yirik feodallarning takabburligidan xalos bo’ldi, buning ustiga u akasi Nasr oldida ularni yoqlab chiqib, ayni vaqtda ularni o’z tomoniga og’dirdi va aftidan, ularda Nasrga qarshi kayfiyatni yuzaga keltirdi. Shu tariqa Ismoil Nasr ibn Ahmad butun Movarounnahrga hukmronlik qilish uchun 874 yilning iyulida xalifa Muvaffaqbillohdan yorliq oldi, Ismoil esa Buxoro amiri deb tanildi. Nasr ibn Ahmad oradan bir necha vaqt o’tgach, butun Movarounnahrning to’la huquqli hokimi bo’lib qoldi.

Leave a Reply