TABIIY GEOGRAFIK XARITALAR
TABIIY GEOGRAFIK XARITALAR — tabiatda sodir bo’ladigan voqea va hodisalar (tabiat komponentlari)ni alohida yoki ularning qonuniy uyg’unligini (geografik joylashish holatini hamda ular orasidagi o’zaro bog’lanishni) tasvirlovchi mavzuli xaritalar. Tabiiy hodisalar xaritalari deb ham yuritiladi. Geologik, geofizik, geokimyo, geomorfologik, meteorologik va iklim, gidrologik (quruqlik suvlari), okeanologik (okean va dengiz suvlari), tuproq, geobotanik, zoogeografik va boshqa maxsus mavzuli xaritalar (masalan, dengiz va daryo navigatsiya xaritalari), shuningdek, landshaft xaritalari Tabiiy geografik xaritalarning asosiy tiplari hisoblanadi. Tasvirlanayotgan hodisalarni ilmiy tadqiq etish usuli va mavzuini umumlashtirish darajasiga qarab analitik (masalan, iqlimning alohida elementlari), kompleks (sinoptik, topografik xaritalar) va sintetik (iqlimni rayonlashtirish xaritalari) Tabiiy geografik xaritalarga bo’linadi. Foydalanish maqsadlariga ko’ra, o’quv xaritalari, ilmiyma’lumotnoma, targ’ibot va tashviqot, operativ xo’jaliklar, navigasiya, kadastr, yo’llar, turistik va boshqa xaritalarga, tasvirlanayotgan maydoniga ko’ra dunyo, yarim sharlar, materiklar, okeanlar, aloxida davlatlar, respublikalar, viloyatlar va b. ma’muriy birliklar xaritalariga bo’linadi. Aniq maqsadlar uchun ixtisoslashtirilgan xaritalar, masalan, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, tabiatni muhofaza qilish, tabiiy geografik bashorat va hokazo xaritalar ham ishlanmoqda. Tabiiy geografik xaritalar tuzishda dala kuzatishlari va maxsus s’yomka (landshaft va boshqalar) materiallaridan, shuningdek, Aero va kosmik suratlardan keng foydalaniladi. Tabiiy ob’yektlarning shakli, o’lchamlari, sifat va miqdor tavsiyalari hamda dinamikasini har taraflama aks ettirishda mavjud barcha xaritagrafik usullardan foydalaniladi. 1963 yilda O’zbekistonning birinchi “Tabiiy geografik atlasi”, 1982-85 yillarda 2 qismdan iborat “O’zbekiston atlasi” ilmiy-ma’lumotnoma nashr etilgan. 1994-2004 yillarda O’zbekistonning 1:1000000 va 1:1500000 masshtabli devoriy tabiiy, ekologik, ikqlim va tabiatni muhofaza kilish xaritalari, 1:2000000 masshtabli O’rta Osiyo va Qozog’istonning tabiiy o’quv xaritasi nashr etildi. Mayda masshtabli atlas xaritalari yangilandi.