Tafsir

Tafsir (Arabcha — sharh, tushuntirish, ochib berish, izoh) — Islom an’anasida asosan Qur’oni Karim oyatlarini sharhlash, tushuntirib berish. Qur’on oyatlarini Tafsir qilish Muhammad (sav) davrida vujudga kelib, bu ilm Muhammad (sav)dan sahobalarga, sahobalardan tobe’inlarga meros qoldi. Sahobalar va tobe’inlar asrida Tafsir og’zaki rivoyat va naql shaklida bo’lib, ta’lif qilib yozilmagan. Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Mas’ud va boshqa mashhur Tafsirchi bo’lganlar. Tafsirdan birinchi kitob yozgan shaxs Abdumalik ibn Jurayjdir (8-asr). Muhammad ibn Jarir Tabariy, Yahyo ibn Salom, Abu Bakr Nisoburiy va boshqa mufassirlar Tafsir yozishda Shuhrat topdilar. Tafsir qilishning rivojlanishi jarayonida Tafsirning turli uslublari (saxih hadislar va sahobalarning qavllari bilan Tafsir qilish; o’z fikri va ijtihodi bilan Tafsir qilish; oyatning zoxiriy ma’nosiga qaramay, uning maxfiy ishoralari taqozosi bilan Tafsir qilish) paydo bo’ldi. Keyinchalik Tafsirning yo’nalishlari ko’payib ketdi. Hozir dunyoda Qur’oni Karimga 1700 dan ortiq Tafsir yozilganligi ma’lum. O’zbekiston hududidan chiqqan Abu Mansur Moturidiy mashhur Tafsirchilardan hisoblanadi. U Qur’on oyatlarini Ahl assunna valjamoa nuqtai nazaridan Tafsir qilgan. Abu Lays Samarqandiy, Zamaxshariy, Faxriddin Roziy, Maxmud Nasafiylar ham Tafsir yozishda mapghur bo’lganlar. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda Qur’oni karimni o’zbek tiliga tarjima va Tafsir qilish imkoniyati tug’ildi. Bu sohada Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Shayx Abdulaziz Mansur, Alouddin Mansur kabi ulamolarni misol qilib keltirish joiz. Abdulaziz Mansur.