Tahorat

Tahorat — namoz o’qish, ibodat oldidan yuvinish, poklanish. Islomda Tahoratning ikki turi mavjud: vuzu’ — kichik tahorat — qo’loyoq va yuzni yuvish; g’usul — katta tahorat — to’la yuvinish, cho’milish. Tahoratning 4 ta farzi bor; yuzni yuvmoq; ikki qo’lni tirsak ila qo’shib yuvmoq; ikki oyoqni to’pig’i ila qo’shib yuvmoq, boshning to’rtdan bir qismiga mash tortish — ikki qo’lni ho’llab surtmoq. Bu farzlardan birortasi bajarilmasa, Tahorat haqiqiy bo’lmaydi. Tahoratning farzlaridan boshqa uning sunnat va vojiblari ham bo’ladi. Tahorat oladigan har bir kimsa suvni keragidan ortiq ham, oz ham sarf qilmasligi; suvni yuzga shapillatib sochmasligi; Tahorat qilayotganda o’rinsiz gaplashmasligi; iflos yerda Tahorat olmasligi kerak. Tahorat qilish uchun suv topilmasa tayammum qilinadi. Tahorati bor kishida quyidagi holatlardan biri yuz bersa Tahorati buzilgan hisoblanadi: vujudning biron yeridan qon, yiring, suv chiqsa; og’zi to’lib qussa; tupurgan vaqt tupugini yarmidan kupi qon bo’lsa; kichik va katta hojatga borsa va orqadan el chiqarsa; bexush yoki mast bo’lsa; namoz vaqtida kulsa; uxlasa. Tahoratni buzadigan holatlar ro’y bersa, Tahoratni boshqatdan qilish lozim bo’ladi.