TAJNIS

TAJNIS (Arabcha — o’xshash, shaklan o’xshash, hamjins, xamshakl) — og’zaki va yozma adabiyotdagi badiiy san’atlardan. Tajnisda omonimlar nozik so’z o’yinlarini ishlatishga imkon beradi. Sharq badiiyot ilmida Tajnisni lafzdoshlik darajasi va imlosiga qarab bir necha turlarga ajratganlar. Agar Tajnis birikma lafzdoshligiga asoslangan bo’lsa “tajnisi murakkab” (Masalan: yoqildi — yo qildi, yozaman—yoza men), agar Tajnisning tuzilishi bir xil bo’lib, yozilishi har xil bo’lsa “tajnisi lafz” deb atalgan. O’zbek adabiyotida Tajnisni she’riy san’at sifatida ishlatishning 7 turi borligi qayd etilgan. U, ayniqsa, yozma she’riyatning deyarli barcha janrlarida badiiylikni yuzaga keltirish, so’z o’yinlari qosil qilish, so’z ma’nolarining xilma-xil tovlanishlarini namoyish qilish maqsadlarida qo’llangan. Mumtoz she’riyatda qofiyalarida Tajnisli (omonimli) so’zlar ishlatilgan nomalar, g’azallar, qitalar, tuyuqlar, fardlar ko’p. Shoirlar she’rda, misra yoki baytda bir-biriga shaklan o’xshash, jinsdosh so’zlarni turli ma’nolarda qo’llashib, chiroyli Tajnislar yaratganlar. Ayniqsa, Tajnis turkiy xalqlar she’riyatining o’ziga xos janrlaridan biri bo’lgan tuyuqlarda keng qo’llangan. Bo’ldi chun umring kunining vaqti tush, Nafsi sargasht otini ko’p chopma, tush. Hobgoh etgil qanoat manzilin, Yo’qsa hargiz ko’rmagingdir rost tush. (Ogahiy). Birinchi misradagi “tush” kunning tush paytini, kishi umrining o’rtasini; ikkinchisi otdan tush—yoshingni o’ylab ish qil, insofga kel; uchinchisi uyquda tush ko’rmoq ma’nolarida ishlatilgan. Tajnisli qofiyalar tuyuqning janr komponentlaridan biridir. Bobur ijodidan boshlab 2 misrasida Tajnis so’zlar qofiya bo’lib keluvchi farqlar ham yaratila boshlagan. Tajnis 15-asr o’zbek she’riyatida Yusuf Amiriy, Lutfiy, Navoiy yaratgan tuyuqlarda keng qo’llanilgan. Uning san’at sifatidagi namunalari Bobur, Ubaydiy, Munis, Uvaysiy, Komyob, Ogahiy, Amiriy, Rojiy Marg’iloniy she’riyatida ham uchraydi. Keyinchalik: Habibiy, Charxiy, G’afur G’ulom, Vosit Sa’dulla va boshqalar. Tajnislarning original turlarini topishib, she’riyatga kiritdilar. Tajnis xalq og’zaki ijodida ham badiiylikni yuzaga keltirish omillaridan biri bo’lib kelgan. Ad.: Rahmonov V., She’r san’atlari, Leninobod, 1972; Rustamov A., Navoiyning badiiy mahorati, T., 1979; Orzibekov P., Tuyuq: lirikada kichik janrlar, T., 1976. Rahmonqul Orzibekov.