Ta’mirlash
Ta’mirlash — biror narsani asli xoliga o’xshatib yoki asliga yaqinlashtirib tiklash, bunyod etish; ma’lum qiymatga ega qadimgi san’at asarlari va moddiy-madaniy yodgorliklarni tuzatish, yaxshilash, yarokli holga keltirish. Me’morlikda Ta’mirlash tarixiy inshootlarni qisman yoki to’la dastlabki qiyofasiga keltirish (restavratsiya), keng ma’noda tarixiy bino yoki majmuani o’zgartirib qayta qurish (rekonstruktsiya) jarayonini ifodalaydi. Ko’lami jihatidan Ta’mirlash juz’iy (ma’lum qismi) yoki yoppasiga (butunlay) o’tkazilishi mumkin. Zamonaviy Ta’mirlash nazariyasi bo’yicha Ta’mirlashning maqsadi tarixiy binoning qadimgi asl ko’rinishini kelgusidagi buzilishlardan saklab qolish chorasini ko’rishdir. Ta’mirlash sintetik va analitik uslublarga ajratiladi. Sintetik Ta’mirlashda me’moriy yodgorlikning dastlabki butun holatiga keltirish, analitik (arxeologik) Ta’mirlashda esa asl qismlarni buzilishlardan to’xtatib qo’yish. Ta’mirlash uslubi uzoq o’tmishga ega. O’zbekistondagi qadimgi yodgorliklar pishiq-puxta, chidamli va mukammal qilib qurilganiga qaramay, davr ularning jozibasi va ko’rkini asta-sekin yemirib borgan. Keyingi yillarda O’zbekistondagi barcha madaniy yodgorlik va obidalarda Ta’mirlash ishlari keng ko’lamda olib borilmoqda. Ta’mirlashni muvaffaqiyatli bajarish uchun tajribali xalq ustalari (usta Shirin Murodov, Toshpo’lat Arslonqulov, Shamsiddin G’ofurov, Quli Jalilov, Abdulla Boltaev, Mahmud Usmonov, Saidmahmud Norko’ziev va boshqalar) dan Ta’mirlash qoidalaridan o’rinli va mohirona foydalanish talab qilingan va ular shunga rioya qilgan holda ijobiy rivojlantirganlar. Turli sabablar oqibatida yemirilgan ko’hna obidalarni Ta’mirlash uchun dastavval bino poydevori arxeologik jihatdan avaylab, sinchkovlik bilan o’rganiladi. Keyin uning me’moriy tuzilishi koshin va naqshlari, rangi, uslubiy jihatlari tadqiq qilinadi. Usta qadimgi poydevor ustiga qo’yiladigan yukni mazkur bino ko’tara olishi yoki ko’tara olmasligini ham bilishi kerak. Nihoyat bino tarixi, qachon qanday maqsadda qurilganligi, madaniyat tarixida tutgan o’rni mufassal tekshiriladi. Yetarli ma’lumotlar to’plangandan keyin me’morlar, loyihalovchilar va boshqa hamkorlikda loyiha-smeta hujjatini tuzadilar. Ta’mirlashda qadimgi usullardan unumli foydalanish maqsadga muvofiqdir. Ta’mirlashning quyidagi ko’rinishlari mavjud: konservasiya; akastiloz yodgorlikning yerda yotgan bo’laklarini joyiga o’rnatib qo’yish; ochish yodgorlikning barcha tarixiy qiymatga ega katlamlarini namoyish etish; to’ldirish— yodgorlikning yo’q bo’lib ketgan joylarini to’ldirib qo’yish; yangilash — binoning tarixiy nusxasini qurish, yo’q bo’lib ketgan binoni yangidan tiklash (masalan, Buxoriy yodgorlik majmui). Ta’mirlash jarayonida zamonaviy qurilish ashyolari va qurilmalarini ko’rinmaydigan joylaridagina foydalanish talab qilinadi. Tasviriy va amaliy bezak san’atida Ta’mirlash, odatda, san’at asarlarini so’nggi holatini mustahkamlash va ularni buzib turgan qatlamlaridan tozalash orqali asl holiga keltirish bilan amalga oshiriladi. Avvalo bu ishlar asarlar va buyumlarning xom ashyosi, yaratilish usuli, buzilishiga sabab bo’lgan omillar va turlarini puxta ilmiy tahlil qilish hamda san’at va moddiy madaniy yodgorliklar tarixini chuqur o’rganish zaminida olib boriladi. Bunda spektral, xromatografik mikrokristal va boshqa tahlillar, rentgenografiya, makro va mikrofotografiya, infraqizil nurlar va boshqalar vositasida tekshirishlardan foydalaniladi. Ta’mirlash jarayonida asarning buzilgan qismlari unga yaqin bo’lgan (monumental rangtasvir uchun ohakli suv, ikona va moybo’yoq rangtasvirining asosi hamda yelim rassomligining bo’yoq qatlami uchun hayvonot yelimlari) yoki maxsus sintetik moddalar bilan uning tuzilishi tiklanadi yoki kimyoviy o’zgargan unsurlar (rangtasvir asarining qoraygan lok va moyi, mis buyumlardagi g’ovak qurumlar), haykaltaroshlik, amaliy bezak san’ati buyumlaridan keyinchalik kiritilgan qo’shimchalar qisman yoki to’liq olib tashlanadi. Rangtasvir asaridagi qo’shimchalardan mualliflik qismlarini idrok qilishga xalaqit bermaydiganlari saqlanadi, asarning o’ziga xos tarixiy yoki badiiy qimmatga ega bo’lgan so’nggi qatlami imkon qadar yangi asos va zaminga ko’chiriladi. Tasviriy va amaliy bezak san’ati asarining buzilgan qismlarini o’zboshimchalik bilan qayta tiklashga yo’l qo’yilmaydi, faqat ayrim hollardagina moybo’yoq va boshqalar rangtasvir asarlarida muallifning bo’yoq qatlami va asosini to’ldirishlardan muhofaza qilish chorasi sifatida Ta’mirlash qo’llanadi. Ad.: Zohidov P., Me’mor san’ati, T., 1978; Haqqulov A., Ta’mir san’ati, T., 1991; Po’latov X.,O’rolova., Arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash va kayta qurish, T., 2002. Xayrulla Po’latov.